“Qat’iy nazorat olib borilmoqda” – “O‘zdonmahsulot” nonning narxi oshishiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
05 noyabr 2019
8078Avvalroq, O‘zbekistonning ayri hududlarida “buxanka” non narxi qimmatlab, 1600 dan 1900 so‘mga sotilayotgani bilan gap-so‘zlar tarqalgani haqida xabar bergan edik. “O‘zdonmahsulot” AK bu xabarlarga nisbatan QALAMPIR.UZ’ga bayonot yo‘lladi.
“Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 oktyabrdagi 866-sonli “Don va un yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori don, un va non va non mahsulotlari narxlarining erkinlashtirilishi sohani yanada rivojlantirish, unda erkin bozor mexanizmini joriy etish evaziga yangi, zamonaviy texnologiyalarni keng jalb qilish orqali mahsulot sifatini yanada yaxshilash, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va eng asosiysi – bozorda mahsulot kamayishi va yetishmovchiligining oldini olishga qaratilgan.
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi 44ta don korxonalari tarkibida 109 ta non ishlab chiqaruvchi korxona va sexlar mavjud bo‘lib ular asosan Toshkent viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan. Toshkent shahrida non va non mahsulotlari ishlab chiqarilishi, sotilishi va ta’minoti ustidan nazorat olib borish Toshkent shahar hokimligiga qarashli Toshkent non ishlab chiqaruvchilar uyushmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Bugungi kunda aholi o‘rtasida non narxining erkinlashtirilishi natijasida ayrim hududlarda 1700 so‘mdan 1900 so‘mgacha narxda sotilayotganligi xususidagi fikr mulohazalar ijtimoiy tarmoqlar orqali turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan nonlarning narxlari bugungi kun holatida 1400-1500 so‘mdan barcha turdagi iste’molchilarga pul ko‘chirish va turg‘un savdo shaxobchalari orqali yetkazib berilmoqda. Narxlar ishlab chiqarish xarajatlaridan kelib chiqib shakllantirilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi non ishlab chiqaruvchi sexlarda tayyorlangan mahsulotlar korxona nomi va logotipi mavjud maxsus do‘konlar va bozorlar, savdo komplekslari, aholi gavjum joylardagi shaxobchalar orqali belgilangan tartib va standartlar asosida sotilishi tashkil etilgan va bu boradagi harakatlar ustidan qat’iy nazorat muntazam ravishda olib borilmoqda”, deyiladi QALAMPIR.UZ’ga yo‘llangan rasmiy bayonotda.
LiveBarchasi