O‘zbekistonda non narxi 1900 so‘mga oshirildi...mi? Buning ortida kim turibdi?
Jamiyat
−
05 noyabr 2019
26123O‘zbekistonda “buxanka” non narxi yana ko‘tarildi. Ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan tarqatilayotgan xabarlarga qaraganda, hududlarda non 1600 so‘mdan 1900 so‘mgacha narxda sotilmoqda.
QALAMPIR.UZ “O‘zdonmahsulot” AK bilan bog‘landi. Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni vaqtda “O‘zdonmahsulot” AK Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga non yetkazib berish uchun mas’ul bo‘lib, kompaniyaga qarashli 109 ta non sexida ishlab chiqarilayotgan “buxanka” non narxi ulgurji savdoda 1350 so‘mdan boshlab sotilmoqda. Do‘konlardagi chakana narx esa 1400-1500 atrofida. Poytaxt Toshkentda non ishlab chiqarish va yetkazib berish “Toshkentnon” NICHU gardanida bo‘lib QALAMPIR.UZ muxbiri uyushma rasmiylari bilan bog‘landi.
Ayni vaqtda uyushmaga 60 ta sex a’zo bo‘lib, ularda ishlab chiqarilayotgan “buxanka” nonlari faqat Toshkent shahri hududiga yetkazib beriladi. Nonning ulgurji savdodagi narxi esa 1500 so‘mni tashkil etmoqda.
Xo‘sh, nega non narxi ayrim hududlarda 1600 so‘mdan 1900 so‘mgacha ko‘tarildi?
Ma’lumki, o‘tgan oy O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, bug‘doy va un narxi liberallashtirildi. Bozorda un va non narxi erkinlashtirildi. Biroq, bu vaziyatdan foydalanib qoluvchilar uchun qo‘l kelishi kerak, degani emas. QALAMPIR.UZ’ga oid ma’lumotlarga ko‘ra, “buxanka” nonning narxi 1650 so‘mdan oshirilishiga asos yo‘q. O‘zbekistondagi bugungi vaziyatda bu narx eng yuqori qiymat bo‘lishi mumkin. Shunda ham 1650 so‘mning ichida ishlab chiqarish, yetkazib berish va chakana savdodagi foyda hisobga olingan.
Bug‘doy va un narxi liberallashtirilgani bilan, “ha, barakalla” deb non narxini oshiraverish yaramaydi. Buni nazorat qilib borish esa Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining vazifasi sanaladi.
Xo‘sh, unday bo‘lsa narx nega oshmoqda? Internetdagi shov-shuvlarga asos bormi?
Bug‘doy va un narxining erkinlashtirilishi, birja savdolarining yo‘lga qo‘yilishi va tadbirkorlarga birja orqali xarid imkoniyatlarining kengaytirilishi bug‘doy va unni yillar davomida boshqarib kelgan monopolistlarga ma’qul kelmagani, ularning rohatini buzib qo‘ygani ham bor gap. Shu bois nonning narxi asossiz oshirilishi bilan bog‘liq shov-shuvlar asossiz tarqatilishi ham uchrab turibdi. Biroq, davlat bug‘doy va un narxini erkinlashtirish, nonni erkin savdoga chiqarish orqali nazoratni to‘liq qo‘ldan boy bergani yo‘q. Buyog‘i bug‘doyni o‘ruvchi, unni ishlab chiqaruvchi, nonni qolipga soluvchi bilan sotuvchining insofiga qolyapti.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda non narxi oxirgi bor joriy yilning 15 oktyabr kuni oshirilgan edi. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2019 yil hosilidan tayyorlangan bug‘doyning 1 tonnasi un ishlab chiqarishga 1300 ming so‘mdan ulgurji narxda sotilishi belgilangan. Shu kundan boshlab non narxi o‘rtacha 1500 so‘mni tashkil qilayotgan edi.