Bosh prokuratura fuqarolarni firibgarlardan ogohlantirdi
Jamiyat
−
31 mart 2020
8434Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti COVID-19 bilan bog‘liq bezovtalikdan foydalanilayotgan firibgarlar to‘g‘risida ogohlantirdi.
Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishda moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruh (FATF) va Interpol COVID-19 pandemiyasi tufayli yuz (jarrohlik) niqoblari va boshqa tibbiy buyumlarga talab oshganligidan foydalanib, ularning savdosi to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot berish orqali firibgarlik jinoyatlari sodir etish ehtimoli oshganligi to‘g‘risida xabar bergan.
Xabarda, hozirgi sog‘liqni saqlash sohasidagi inqiroz davrida jamoatchilik dori-darmonlarni onlayn tarzda sotib olishda ehtiyot bo‘lishlari, aks holda, ular jinoyatchilarning bir qator moliyaviy firibgarliklarni amalga oshirish uchun imkon yaratishlari mumkinligi ta’kidlangan.
Firibgarlar jinoiy niyatlarini amalga oshirish maqsadida tibbiyot mahsulotlarini sotishni da’vo qilgan holda soxta onlayn-do‘konlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlar va elektron pochta manzillaridan foydalanmoqdalar.
Mazkur firibgarlik harakatlarning asosiy qurbonlari Osiyoda joylashgan bo‘lib, jinoyatchilar o‘zlarini ushbu sohada ishonchli eksportyorlar sifatida ko‘rsatish maqsadida boshqa mintaqalarda, xususan Yevropada ro‘yxatdan o‘tgan bank hisob raqamlaridan foydalanmoqdalar.
“Hurmatli fuqarolar shunga ko‘ra Siz, xorij kompaniyalaridan dori-darmonlar yoki tibbiyot buyumlarini onlayn xarid qilmoqchi bo‘lsanganiz, pul mablag‘larini o‘tkazishga shoshilmasdan, quyidagi tavsiyalarga amal qilishingizni so‘raymiz:
– onlayn haridlarni amalga oshirish xizmatini taklif etayotgan kompaniyalar faoliyatiga bildirilgan sharhlar bilan tanishish (boshqa mijozlar sotib olgan tovarlarni olmaganliklari haqidagi shikoyatlar mavjudmi yoki yo‘qmi);
– kompaniya joylashgan mamlakatda emas, balki boshqa mamlakatda ochilgan bank hisob raqamiga to‘lovni amalga oshirishni so‘rasa, xaridni amalga oshirmaslik;
– noma’lum yuboruvchidan kelgan yoki Siz kutmagan havola yoki ilovalarni ochmaslik;
– tibbiy asbob-uskunalarni taklif qiluvchi yoki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shaxsiy ma’lumotlaringizni talab qiladigan elektron pochta xabarlariga ma’lumot taqdim etmaslik.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun ogoh bo‘lishni so‘raydi”, deyiladi Bosh prokuratura murojaatida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha 167 kishida koronavirus aniqlandi. Hozirgacha 7 kishi kasallikdan forig‘ bo‘ldi, 2 kishi vafot etdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi