Bosh prokuratura departamenti xodimlarini chuv tushirib, tezkor tadbirdagi pulni olib qochganlar qamaldi
3-sahifa
−
03 yanvar
17795Bosh prokuratura departamenti Navoiy viloyati boshqarmasi xodimlarini aldab, tezkor tadbirdagi pulni olib ketganlar qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hujjatida qayd etilishicha, 1992 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi J.S. oldin ham bir necha marotaba sudlangan. J.S. xavfli retsidivist bo‘la turib, 2024 yil 26 iyun kuni departamentning Navoiy viloyat boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z murojaatida “Feruz” ismli shaxs haydovchilik guvohnomasi olib berish evaziga 700 AQSH dollari talab qilayotganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
J.S.ning murojaat yuzasidan departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda arizachi jinoiy sherigi 1996 yilda tug‘ilgan ikkinchi sudlanuvchi Sh.I. bilan boshqarma maxsus kassasidan protsessual tartibda taqdim qilingan 700 AQSH dollari va maxsus ovoz yozish moslamasini qo‘lga kiritib, voqea joyidan yashiringan hamda tezkor tadbir uchun berilgan pul mablag‘larini o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
2024 yilning 6 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudida bo‘lib o‘tgan sudda J.S. aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, dastlabki tergovdagi ko‘rsatuvlarini tasdiqlagan. U 2024 yilning aprel-may oylarida Sh.I. bilan tanishib qolgani, shundan so‘ng u bilan aloqalari yaxshilanib, bordi-keldi qila boshlagani hamda o‘sha vaqtlarda farzandi kasalligi tufayli Sh.I.dan pul topish bo‘yicha maslahat so‘raganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng Sh.I. departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi xodimi S.X. bilan tanishtirib qo‘ygan. Sh.I. esa departament bilan aloqasi yaxshi ekani, departament orqali pulni olish mumkinligini taklif qilgan.
“Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, go‘yoki o‘ylab topilgan shaxs tomonidan undan noqonuniy tarzda pul talab qilgani hamda unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rashi haqida yo‘l ko‘rsatdi. U yolg‘ondan audioyozuv qilib departamentga taqdim qilishimni hamda tadbir davomida berilgan pul mablag‘larini olib voqea joyidan ketib qolishimni, shunda departament xodimlari pullarni o‘zlari to‘lashini ma’lum qildi”, degan J.S. sudda.
O‘ylangan rejaga asosan J.S. departamentning Navoiy viloyati boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilgan. Unga belgilangan tartibda tezkor tadbir uchun 700 AQSH dollari va ovoz yozib olish qurilmasi taqdim qilingan.
Shundan so‘ng departament xodimlari va xolislar ishtirokida belgilangan joyga borganda J.S. telefonini o‘chirib, voqea joyidan yashiringan. Unga tadbir uchun berilgan pulni va ovoz yozib olish moslamasini o‘zi bilan olib ketgan.
Shuningdek, J.S. sudda Navoiy shahridagi 17-maktab yonida Sh.I. bilan ko‘rishib, o‘sha yerdagi do‘kondan dollarni so‘mga almashtirib chiqqani, 100 dollariga kiyim olgani, qolgan 400 dollarni bankomatdan so‘mga aylantirib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganini aytgan. Sh.I. ham sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.
Sud hukmi bilan J.S. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “b” bandi, 237-moddasi (Yolg‘on xabar berish) 2-qismi “a, b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 4 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan. Sudlanuvchi Sh.I. esa ushbu moddalar bilan 2 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Unga ham jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Bekobod shahri IIB binosida sudlanuvchining akasini kaltaklab, uning o‘limiga sabab bo‘lgan IIB xodimi 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.
LiveBarchasi