Bosh murabbiyi va direktori totalizator tashkil etishda ayblangan klub chempionatdan chetlatildi

Sport

image

“B” Pro-ligada ishtirok etib kelgan Buxoroning ikkita klubi – “Zarangari” va “Ittifoq Buxoro” jamoalari musobaqadan chetlashtirildi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston professional futbol ligasi Ijroiya qo‘mitasining qo‘shma yig‘ilishida shu haqda qaror qabul qilindi.

Joriy yilning 23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan B Pro-liganing 3-turi doirasidagi “Zomin” – “Zarangari” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga “Zarangari” klubi belgilangan vaqtda kelmagani uchun jamoaga nisbatan texnik mag‘lubiyat qayd etilgan edi. Shuningdek, 4 iyun kuni bo‘lib o‘tgan B Pro-liganing 9-turi doirasidagi “Orol” – “Zarangari” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga ham “Zarangari” klubi belgilangan vaqtda kelmagani uchun texnik mag‘lubiyat qayd etilgan.

Qolaversa, “Zarangari” qatnashchilik badalini O‘zPFLga joriy yilning 20 mart kuniga qadar to‘lashi lozimligi belgilangan bo‘lsa-da, o‘tgan davr mobaynida futbol klubiga bir necha marotaba ogoxlantirish berilganiga qaramasdan qatnashchilik badalini hozirgi kunga qadar to‘liq to‘lamagani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Buxoro viloyatining “Ittifoq” futbol klubi O‘zPFL tomonidan  futbolchilarga berilgan tegishli litsenziyalar qalbakilashtirilgani, U-18 jamoasi tashkil etilmagani, qatnashchilik badalini O‘zPFLga joriy yilning 20 mart kuniga qadar to‘lashi lozimligi belgilangan bo‘lsa-da, o‘tgan davr mobaynida klubga bir necha marotaba ogoxlantirish berilganiga qaramasdan qatnashchilik badalini hozirgi kunga qadar to‘liq to‘lamagani, jamoa bosh murabbiyi Sherzod Sattorov kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgani aniqlangani ma’lum bo‘ldi. 

“Zarangari” futbol klubi 2019 yilgi musobaqalarni o‘tkazish reglamentining 15.8. hamda 6.24-bandiga asosan O‘zbekiston chempionatining B Pro-ligasidan chetlashtiriladi. 

Buxoro viloyatining “Ittifoq” futbol klubi ham 2019 yilgi musobaqalarni o‘tkazish reglamentining xuddi shu bandlari hamda Intizom kodeksining 5.35-bandiga asosan O‘zbekiston chempionatining B Pro-ligasidan chetlashtirildi.

Ushbu ikki jamoa hozirga qadar mavsum hisobidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan o‘yinlarning yarmini hali o‘ynab ulgurmagani sabab Reglamentga ko‘ra, ularning hozirga qadar o‘tkazgan bahslari natijalari to‘liq bekor qilinadi.

Mazkur klublarga o‘zlari shartnoma imzolagan futbolchilar va boshqa ishchi xodimlar bilan shartnomada shu kungacha belgilangan shartlarni to‘liq bajarish majburiyati yuklanadi. 

2019 yilning 12 iyun sanasidan boshlab har ikki klub futbolchilari erkin agentga aylanadi va ularga 9 iyul sanasidan boshlab boshqa klublar bilan shartnoma imzolashga ruxsat etiladi.

O‘FA axborotida qayd etilishicha, klublar mazkur qaror yuzasidan 10 kun ichida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Appelyatsiya qo‘mitasiga shikoyat qilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Pro-liga Zarangari Ittifoq Buxoro

Baholaganlar

14

Reyting

3.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing