2022 yil Superligada nechta jamoa ishtirok etadi? O‘FA bayonot berdi
Sport
−
27 noyabr 2021
5062Bugun, 27 noyabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2022 yilgi mavsumda Superligada nechta klub ishtirok etishi haqida rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Unga ko‘ra, kelasi mavsumda ham 14 ta jamoa mamlakat chempionligi uchun bahs olib boradi.
“Bugun Superliganing 2021 yilgi mavsumi o‘z nihoyasiga yetdi. Chempionat oxirgi turgacha qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Kuchli uchlikdagi sovrinli pozitsiyalar va yuqori ligada qolish uchun kurash shiddatli o‘tdi. O‘FA va PFL chempionat davomida yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, sport prinsiplariga rioya qilishni ustuvor vazifa qildi va bunga qat’iy amal qilishda davom etadi. So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda Superliganing 2022 yilgi mavsumida ishtirokchi klublar soni oshirilishi va chempionatda 16 klub qatnashishi haqida taxminlar yangragandi. Shuni ma’lum qilamizki, O‘FA hamda PFL amaldagi reglamentga o‘zgartirish kiritmaydi va sport prinsiplariga qat’iy rioya qiladi. Keyingi mavsumda Superliganing ishtirokchi jamoalari soni o‘zgartirilmaydi”, deyiladi tashkilot bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston chempionatida Toshkentning “Paxtakor” klubi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-o‘rinni “So‘g‘diyona” (Jizzax) egalladi. 3-pog‘ona esa OKMK (Olmaliq) jamoasiga nasib etdi.
Ma’lumot uchun, joriy mavsumda 13 va 14-o‘rinni egallagan “Andijon” va “Turon” klublari 2022 yilda quyi ligaga tushiriladi. Pro-liga chempioni “Neftchi” (Farg‘ona) va 2-o‘rin sohibi “Dinamo” Superligada ishtirok etadi. 12-o‘rindagi “Mash’al” (Muborak) quyi ligada 3-o‘rinni egallagan “Olimpik” jamoasi bilan o‘tish o‘yinida ishtirok etadi.
LiveBarchasi