“Bosar-tusarini bilmagan deputat” yuzasidan Bosh prokuratura ma’lumot berdi

Jamiyat

image

IIVning “bosar-tusarini bilmagan deputat” nomli videolavhasi jamoatchilik orasida jiddiy muhokamaga sabab bo‘layotgandi. Unda xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati Tolib Muhammadiyev va Namangan shahriga kiraverishdagi “Qizilko‘prik” postida turadigan Ichki ishlar, Milliy gvardiya xodimlari janjali aks etgandi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati munosabat bildirdi.

2020 yilning 15 aprel kuni Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati Tolib Muhammadiyev o‘ziga tegishli avtomashinasida Namangan shahar, Yangiqo‘rg‘on ko‘chasida tashkil etilgan blok postiga yetib kelib,  shu yerda xizmat olib borayotgan IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ularga qarshilik ko‘rsatgan. 

Ayni holatda JKning 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish)da ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli, Namangan shahar prokuraturasi 16 aprel kuni Tolib Muhammadiyevni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga rozilik berish haqida Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashiga taqdimnoma kiritadi. 

Shu kunning o‘zida mazkur taqdimnomani ko‘rib chiqqan Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi  21-06-sonli qaror bilan Tolib Muhammadiyevni jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat berilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Kengashning roziligi asosida shahar prokuraturasi tomonidan JKning 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Biroq oradan uch kun o‘tib, ya’ni 19 aprel kuni Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan sessiyasida, amaldagi qonunchilikka zid ravishda Kengashning  yuqorida qayd etilgan 21-06-sonli qarori bekor qilinib, Tolib Muhammadiyevni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etilgan.

Mazkur holatni bartaraf etish maqsadida Namangan viloyati prokurori tomonidan 21 aprel kuni Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashiga shahar Kengashi chiqargan qarorlarni bekor qilish haqida taqdimnoma kiritilgan.

Ushbu taqdimnoma 25 aprel kuni viloyat Kengashida ko‘rib chiqilib, shahar Kengashining 16 apreldagi 21-06-sonli karori o‘zgarishsiz qoldirildi (Tolib Muhammadiyevni jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat berilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etildi) hamda 19 apreldagi qarori bekor kilindi. 

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ tahririyati IIVning “bosar-tusarini bilmagan deputat” nomli videolavhasi yuzasidan Axborot xizmatiga bir nechta savollar yo‘llagandi. Hozircha ularga javob qaytarilmadi. 20 aprel kuni deputat Tolib Muhammadiyev voqea yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda o‘z vajlarini keltirib, IIB va Milliy Gvardiya xodimlarini aybladi.

Keyinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 22 ta deputati holat yuzasidan Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga murojaat jo‘natdi. Unda YPX inspektorining xizmat “bodi-kamera”sida tasvirga olingan video materiallarni to‘liq shaklda (montajsiz) jamoatchilikka oshkor qilinishi, lavha noxolis tayyorlangan bo‘lsa, aybdorlarga intizomiy jazo chorasi ko‘rilishi, bu haqda jamoatchilikka xabar qilinishi va boshqalar so‘ralgandi. Biroq bu talablar ham hozircha bajarilmadi.

2020 yilning 23 aprel kuni IIVdan sado chiqib, ishga taalluqli barcha materiallar, shu jumladan, voqea joyida olingan videotasvirlar belgilangan tartibda prokuratura organlariga taqdim etilgani, voqea ishtirokchilarining xatti-harakatlariga qonuniy baho berilib, bu haqda o‘rnatilgan tartibda jamoatchilikka xabar yetkazilishi ma’lum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura Deputat

Baholaganlar

460

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing