“Bosar-tusarini bilmagan deputat” mashmashasi: IIVdan sado chiqdi

Jamiyat

image

21 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 22 nafar deputati IIV Axborot xizmatining “Bosar-tusarini bilmagan deputat” nomli videolavhasi yuzasidan Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga murojaat yo‘llagani haqida xabar bergandik. Bugun Ichki ishlar vazirligi mazkur murojaatga o‘z munosabatini bildirdi. Unda shunday deyilgan.

“O‘zbekistonda aholining tinchlik-osoyishtaligini ta’minlash va sihat-salomatligini asrash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda dunyoga xavf solib turgan koronavirus kasalligining keng tarqalishining oldini olish hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash borasida ichki ishlar organlari tomonidan boshqa mutasaddi idoralar bilan o‘zaro hamkorlikda qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda aniqlanayotgan huquqbuzarliklarni jamoatchilik e’tiboriga yetkazish orqali profilaktikasini ta’minlash ham shular jumlasidandir.

Ma’lumki, joriy yilning 15 aprelida karantin munosabati bilan vaqtincha tashkil etilgan Namangan shahar “Qizilko‘prik” postida sodir bo‘lgan holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 219-moddasi tegishli qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ishga taalluqli barcha materiallar, shu jumladan, voqea joyida olingan videotasvirlar belgilangan tartibda prokuratura organlariga taqdim etilgan.

Ish yakuni bo‘yicha voqea ishtirokchisining har birining xatti-harakatlariga qonuniy baho beriladi va o‘rnatilgan tartibda jamoatchilikka yetkaziladi.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadigan xabar va ma’lumotlarni tayyorlashda Vazirlik tizimidagi axborot va matbuot xizmatlari xodimlarining qonuniylik, xolislik va kasb etikasi talablariga rioya qilishlari yuzasidan qat’iy talablar belgilanib, mas’ul xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.

Ichki ishlar organlari qonuniylikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda ochiqlik hamda shaffoflik prinsipi asosida ish olib boradi va albatta, bunda jamoatchilikning sog‘lom tanqidiga tayanadi.

“Xalq vakillari bo‘lmish deputatlar tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarini jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlari ham e’tiborga molikdir. Ishonchimiz komilki, xalqimiz manfaatlariga xizmat qilish kabi yuksak vazifamizni bajarishda doimo bir-birimizga ko‘makdosh bo‘lamiz”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari murojaatida IIV Axborot xizmati tomonidan e’lon qilingan videolavhada foydalanilgan, jumladan, voqea ishtirokchisi bo‘lgan YPX inspektorining xizmat “bodi-kamera”sida tasvirga olingan video materiallarni to‘liq shaklda (montajsiz) jamoatchilikka oshkor qilinishi, agar lavhani tayyorlash va e’lon qilishda noxolislik yoki bir taraflama yondashuvga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, Axborot xizmati mas’ullarining intizomiy javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish va bu haqda jamoatchilikka ma’lum qilinishi va voqeaning yakuniy muhokamasi yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga  Ichki ishlar vazirligi tomonidan axborot berilishi so‘ralgandi.


Maqola muallifi

Teglar

IIV Po'lat Bobojonov Deputat

Baholaganlar

472

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing