Boris Jonson 59 yoshda sakkizinchi marta ota bo‘ldi
Olam
−
11 iyul 2023
9405Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri 59 yoshli Boris Jonson sakkizinchi marta ota bo‘ldi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Qayd etilishicha, sobiq bosh vazirning rafiqasi Kerri Jonson o‘zining Instagram sahifasi orqali farzandli bo‘lganini va chaqaloqqa qanday ism qo‘yishganini ma’lum qilgan.
35 yoshli Kerri xonim Frenk Alfred Odissey ismli o‘g‘lining suratlarini ham baham ko‘rgan.
“Bir haftalik Frenki. 5 iyul kuni soat 09:15 da tug‘ilgan Frenk Odissey Jonson, dunyoga xush kelibsan”, deb yozadi u.
Sobiq siyosatchining ayoli, shuningdek, Boris Jonsonning qadimgi yunon afsonalariga qiziqishiga ishora qilib, “erim qanday ism tanlaganini taxmin qilib ko‘ring-chi?” deya hazillashgan.
Ma’lumot uchun, 59 yoshli Jonson Londondagi Balliol kollejida klassik adabiyotni o‘rgangan bo‘lib, u o‘g‘li uchun tanlagan Odissey ismi qadimgi yunonistonlik Gomerning shu nomdagi dostoni bosh qahramoni sharafiga qo‘yilgan.
Frenk Odissey Kerri va Boris Jonsonning uchinchi farzandi hisoblanadi. Sobiq bosh vazir avvalgi turmushida Marina Uilerdan yana to‘rt nafar farzand ko‘rgan bo‘lsa, Helen Makintayr ismli san’atshunos ayoldan nikohsiz qizi borligi aytiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Boris Jonson koronavirusga chalinganida Londondagi Sent-Tomas shifoxonasida davolangan va unga g‘amxo‘rlik qilgan shifokorning sharafiga o‘g‘liga Nikolay deb ism qo‘ygan edi.
LiveBarchasi