Boliviyada favqulodda holat e’lon qilindi
Olam
−
20 iyun 2532 2 daqiqa
Bugun, 20 iyun kuni Boliviya Prezidenti Rodrigo Pas mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida favqulodda holat rejimini e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror aksiya ishtirokchilari tomonidan to‘sib qo‘yilgan va transport tizimining normal ishlashiga, shuningdek, tibbiy yordam ko‘rsatilishiga to‘sqinlik qilayotgan yo‘llarni ochish maqsadida qabul qilingan.
Davlat rahbari yo‘llarning to‘sib qo‘yilishi aholining kundalik hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotganini, ishga borish, ta’lim olish, birinchi navbatda zarur bo‘lgan mahsulotlarni sotib olish va oilalarni boqish imkoniyatlarini cheklab qo‘yayotganini qayd etgan.
“Favqulodda holat oddiy hayotni izdan chiqarish uchun emas, balki uni qayta tiklash uchun joriy etildi. Hukumat eshiklari xolis va samimiy muloqot qilishni xohlovchilar uchun ochiqligicha qoladi. Boliviya yo‘llarni qayta ochishi, mahsulotlar yetkazib berilishini kafolatlashi va normal hayotga qaytishi zarur”, deb yozdi Pas o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Ma’lumot uchun, Boliviyadagi norozilik namoyishlari o‘tgan oydan beri davom etmoqda. Yo‘llarni to‘sib qo‘yish va umumiy ish tashlash o‘tkazish haqidagi qaror 1 may kuni qabul qilingan. 15 may kuni poytaxt La-Pasda bir necha ming namoyishchi Prezidentning iste’fosini, mehnat shartnomalarini qayta ko‘rib chiqishni, yonilg‘idan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni va yer resurslari to‘g‘risidagi qonunni bekor qilishni talab qilib ko‘chalarga chiqqan. Namoyishlarni muxolifat va sobiq prezident Evo Morales ham qo‘llab-quvvatlagan.
“El Deber” gazetasining xabar berishicha, Boliviya rasmiylari va kasaba uyushmalari allaqachon kelishuvga erishgan, biroq uning tafsilotlari hozircha oshkor qilinmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Boliviya poytaxtida o‘nlab masxarabozlar norozilik namoyishiga chiqqani va hukumatni ularni daromaddan mahrum qilayotganlikda ayblagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi