Boliviyada masxarabozlar ommaviy norozilik namoyishi o‘tkazdi
Olam
−
03 aprel 2060 2 daqiqa
Boliviya poytaxtida o‘nlab masxarabozlar norozilik namoyishiga chiqdi va hukumatni ularni daromaddan mahrum qilayotganlikda aybladi. Bu haqda WSLS xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 30 mart kuni to‘liq grimda va qizil burun taqqan masxarabozlar La-Pasdagi Ta’lim vazirligi binosi oldiga yig‘ilib, hukumat tomonidan fevral oyida e’lon qilingan hujjatdan norozilik bildirgan. Yangi qoidalarga ko‘ra, maktablar yiliga 200 o‘quv kunini o‘tkazishi shart, bu esa o‘quv vaqtida animatorlar ishtirokida bayramlar tashkil qilishni amalda taqiqlaydi. Mahalliy masxarabozlar kasaba uyushmasi rahbari, Sapalito sahna nomi bilan tanilgan Uaylder Ramiresning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror “bolalar bilan ishlaydigan barchaga zarba beradi”.
Namoyishchilarning aytishicha, ushbu farmon 12 aprelda nishonlanadigan Bolalar kuni bayramini ham buzadi – an’anaga ko‘ra, bu davrda masxarabozlar maktab tadbirlariga faol taklif qilinar edi. Endilikda har qanday bayram tadbirlariga faqat dam olish kunlari ruxsat beriladi.
“Bu farmon daromadlarimizni qisqartiradi, mamlakat boshidan kechirayotgan iqtisodiy inqirozni hisobga olsak, kelajagimiz yanada qorong‘i ko‘rinmoqda”, deydi Boliviya hunarmand ishchilari konfederatsiyasi vakili Elias Guterres.
Aksiyaga masxarabozlar va bolalar uchun libos tikuvchi chevarlar, shuningdek, maktab tadbirlarida ishlaydigan fotograflar ham qo‘shilgan. Namoyishchilar kolonnasi La-Pas markazi bo‘ylab hushtaklar va kichik mushaklar bilan yurib o‘tgan. Ishtirokchilardan biri hukumatni “tabassumlarni va ish joylarini tortib olayotganlikda” ayblovchi plakat ko‘tarib olgan. Vazirlik vakillari kelgusi o‘quv yili uchun farmon tayyorlashda artistlarning e’tirozlarini inobatga olishga va’da bergan, biroq namoyishchilar bu hozirgi muammolarni hal qilmasligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuela poytaxti Karakas shahrida minglab odamlar AQSH tomonidan ag‘darilgan prezident Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni ozod qilish talabi bilan namoyish o‘tkazgandi.
Live
Barchasi