Bolgariyada shamol va kuchli yomg‘ir tufayli ikki kishi halok bo‘ldi
Olam
−
20 noyabr 2023
2781Kecha, 19 noyabr kuni Bolgariyada bo‘ronli shamollar, kuchli yomg‘ir va qor yog‘ishi kuzatildi. Buning oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Qora dengiz bo‘yida Varna shahrida 43 yoshli ayol mashinasida uyiga ketayotganida qulagan daraxtga urilib, vafot etgan. Ikki qutqaruvchi tan jarohati olgan.
Poytaxt Sofiyada ham daraxt o‘tib ketayotgan mashina ustiga qulab tushdi, oqibatda 65 yoshli haydovchi halok bo‘ldi, uning yonidagi turmush o‘rtog‘i esa og‘ir yaralandi.
Yomg‘ir va qor bilan birga kelgan kuchli shamol elektr ta’minotida uzilishlar va yo‘llarning to‘silishiga sabab bo‘ldi.
Bolgariya Milliy meteorologiya xizmati mamlakatning sharqiy qismida kuchli shamol xavfi tufayli ogohlantirish e’lon qildi. Ogohlantirishda Qora dengiz sohilida soatiga 125 kilometr tezlikda shamol va 5 metrdan oshiq to‘lqinlar bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
O‘t o‘chiruvchilar 140 ta qulagan daraxtni tozalagan, minglab xonadonlar elektrsiz qolgan. Og‘ir ob-havo sharoiti 40 ta mashinaga zarar yetkazgan.
LiveBarchasi