Bolgariyada prezidentlikka nomzodini qo‘ygan tadbirkor o‘ldirib ketildi
Olam
−
18 avgust 2023
5208Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida 2011 yilda mamlakat prezidentligiga nomzodini qo‘ygan 61 yoshli tadbirkor Aleksey Petrov otib o‘ldirildi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar berdi.
Keltirilishicha, Aleksey Petrov miltiqda otilgan va qotillik sodir bo‘lgan joyda vafot etgan. Bu unga nisbatan qilingan uchinchi suiqasd bo‘lgan. Qotillar nafaqat Aleksey Petrovning o‘zini o‘ldirgan, balki uning ayol hamrohini ham yaralagan. Ayol Petrovga tegishli sug‘urta kompaniyasining menejeri bo‘lgan.
Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ham poytaxt hududida otishma bo‘lganini tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, 2010 yilda Petrov tovlamachilik, giyohvand moddalar savdosi, pul yuvish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan shug‘ullangan jinoiy guruhga rahbarlik qilganlikda ayblanib, hibsga olingan. So‘ngra garov evaziga ozod qilingan va oxir-oqibat oqlangan. So‘nggi yillarda Petrov mamlakatdagi eng yirik sug‘urta kompaniyalaridan birini boshqargan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 avgust kuni Ekvadorda prezidentlikka nomzod Fernando Vilyavisensio o‘ldirib ketilgan edi. O‘shanda nomzod saylov mitingida otib tashlangandi. Keyinchalik mamlakatda 60 kunlik favqulodda holat joriy qilingan.
LiveBarchasi