Bolgariya yaqinida dronlar ikkita savdo kemasiga hujum qildi

Olam

−

image

Bugun, 13 oktyabrga o‘tar kechasi Qora dengizda, Bolgariya qirg‘oqlari yaqinida ikkita savdo kemasiga hujum qilindi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Rumen Radev bayonot berdi.

Qayd etilishicha, Ukrainaga tegishli bo‘lgan va Malta bayrog‘i ostida suzayotgan “Chelsi 3” (Chelsea 3) kemasiga Byala shahridan taxminan 18 dengiz mili (33 kilometr atrofida) sharqda uchta dron hujum qilgan. Ekipajning barcha 15 a’zosi (yetti nafar Ukraina va sakkiz nafar Ozarbayjon fuqarosi) evakuatsiya qilingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, besh nafar dengizchi yengil tan jarohati olgan. 

Boshqa bir kema Krapets qishlog‘idan taxminan 17 dengiz mili sharqda cho‘kib ketgan. Ekipajning bir a’zosi qutqarib olingan.

“Bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmas holat – Bolgariyaning hududiy suvlariga bevosita yaqin joyda yana bir hujum yuz berdi”, deydi Radev telemurojaatida. 

U NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan muloqot qilishni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qilgan.

Radevning so‘zlariga ko‘ra, hozircha “ayblov ilgari surish uchun asosli va aniq dalillar” yo‘q, ammo “mantiq bu natija Rossiya Federatsiyasi uchun manfaatli ekanini ko‘rsatmoqda”. Bolgariya ushbu hodisa munosabati bilan Rossiya elchisi Eleonora Mitrofanovani chaqirtirishni maqsad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, bir hafta oldin Bolgariya qirg‘oqlaridan taxminan 110 kilometr uzoqlikda dronlar ikkita savdo kemasiga hujum qilgan edi. Bir kema ekipaji evakuatsiya qilingan, ikkinchi kema esa cho‘kib ketgandi. “Reuters”ning yozishicha, bu nizo boshlanganidan beri Bolgariya suvlarida fuqarolik kemalariga qilingan ilk ma’lum dron hujumi bo‘lgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing