Bolgariya va Ruminiya Shengen zonasining to‘laqonli a’zolariga aylandi
Olam
−
02 yanvar
2230Joriy yil 1 yanvardan boshlab Bolgariya va Ruminiya to‘liq Shengen zonasiga qo‘shildi. Shu kundan e’tiboran ushbu davlatlarning Yevropa Ittifoqi a’zolari bilan quruqlik chegaralarida nazorat punktlari bekor qilindi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu qarorni Yevropa Ittifoqi Ichki ishlar vazirlari qabul qilgan va bunga Avstriyaning veto qo‘yishidan voz kechgani sabab bo‘lgan. Endi Bolgariya va Ruminiyaga Gretsiya yoki Vengriya orqali kirayotgan sayohatchilar va yuk mashinalari haydovchilari chegaradagi navbatlar va hujjatlarni tekshirish zaruratidan xalos bo‘ladi. Bolgariya-Gretsiya chegarasidagi oltita nazorat punktida hujjat ko‘rsatish talab etilmaydi. Ruminiya tomondagi 30 kilometrli chegara hududida esa faqat rejasiz va tanlov asosida nazorat olib boriladi.
Ma’lumot uchun, Ruminiya va Bolgariyaning qo‘shilishi bilan Shengen zonasiga a’zo davlatlar soni 29 taga yetdi. Ular orasida Yevropa Ittifoqining 27 davlatidan 25 tasi, shuningdek, Shveysariya, Norvegiya, Islandiya va Lixtenshteyn bor. Bolgariya va Ruminiya Yevropa Ittifoqiga 2007 yilda qo‘shilgan.
Yevropa iqtisodiy va ijtimoiy qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Shengen zonasiga to‘liq a’zo bo‘lmagani tufayli Bolgariya har yili 834 million yevro zarar ko‘rgan. Ruminiyaning yillik yo‘qotishlari esa 2,32 milliard yevroga teng bo‘lgan. Shuningdek, Ruminiya transport kompaniyalari chegaradagi kechikishlar sabab 90 million yevro daromadni yo‘qotgan.
Avstriya Ichki ishlar vaziri Gerxard Karner veto olib tashlanishini chegaradan noqonuniy o‘tishlarning keskin kamayishi bilan izohlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida ushbu davlatlar o‘z aeroportlari va dengiz portlarida Shengen zonasining boshqa a’zolaridan kelgan yo‘lovchilar uchun nazoratni bekor qilgan edi.
LiveBarchasi