Bolgariya sudi Radevning iste’fosini tasdiqladi
Olam
−
23 yanvar 1196 2 daqiqa
Bolgariya Konstitutsiyaviy sudi prezident Rumen Radevning iste’fo arizasini rasman tasdiqladi. Sud qaroriga ko‘ra, uning prezidentlik vakolatlari 2026 yil 23 yanvardan muddatidan oldin to‘xtatildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiq, vitse-prezident Iliyana Yotova avtomatik ravishda davlat rahbari lavozimini egalladi. Shu tariqa u Bolgariya tarixida Prezident bo‘lgan ilk ayolga aylandi.
Radevning yaqin orada iste’foga chiqishi 19 yanvar kuni ma’lum bo‘lgan edi. Bolgariya Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident iste’foga chiqqan taqdirda, uning vakolatlari vitse-prezidentga o‘tadi va u muddat oxirigacha davlat rahbari vazifasini bajaradi.
Qayd etish joiz, 2025 yilning dekabr oyida Bolgariya hukumati bahsli byudjet loyihasi sababli yuzaga kelgan ommaviy noroziliklar fonida iste’foga chiqqan edi. Prezident ham hukumatni iste’foga chiqishga chaqirib, mamlakat qonun ustuvorligini va davlatchilikni qayta tiklaydigan haqiqiy o‘zgarishlarga muhtoj ekanini bildirgan.
O‘sha paytda korrupsiya va ko‘plab sohalardagi muvaffaqiyatsizliklar sababli hukumatga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, Radev Bolgariya Prezidenti lavozimini to‘qqiz yil – 2017 yil yanvaridan buyon egallab kelayotgan edi. Radev o‘z faoliyati davomida Bolgariya Yevropa integratsiyasini yakunlagani, Shengen hududi va yevrohududga a’zo bo‘lganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 10 iyun kuni Bolgariya Prezidenti Rumen Radev O‘zbekistonga kelgandi. U Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Live
Barchasi