Bolgariya Prezidenti iste’foga chiqishini e’lon qildi
Olam
−
20 yanvar 2232 2 daqiqa
Bolgariya Prezidenti Rumen Radev iste’foga chiqishga qaror qildi. Bu haqda u bolgar xalqiga qilgan murojaatida aytib o‘tdi.
Radev o‘z nutqida yaqin kunlar ichida lavozimidan ketish to‘g‘risidagi arizasini topshirishini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat vitse-prezidenti Iliyana Yotova “munosib davlat rahbari” bo‘la oladi.
“Vaziyat meni yetti marta muvaqqat hukumat tayinlashga, o‘z vakolatlarim doirasida davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilishga majbur qildi. Bugun men sizlarga Bolgariya Prezidenti sifatida so‘nggi bor murojaat qilmoqdaman”, degan Radev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hokimiyatdan ketishining asosiy sabablaridan biri – aholining ko‘pchilik qismi hali ham kambag‘al yashayotganidir.
“Savol shundaki, nega ushbu maqsadlarga erishish barqarorlik va qoniqish hissini olib kelmadi? Nega Yevropadagi Bolgariyada aholining katta qismi o‘zini kambag‘al his qiladi, yana kattaroq qismi esa noaniqlik ichida yashamoqda? Men bir necha bor aytganman: buning sababi qattiq siyosiy modelda yashiringan”, degan Prezident.
Radevning fikricha, bugungi kunda Bolgariya siyosatining ildizlari shikastlangan. U partiyalar, banklar, biznes va ommaviy axborot vositalarini “qo‘g‘irchoqbozlar” egallab olgani, ular kameralar qarshisida turib parlamentga ko‘rsatmalar berayotganini aytib, keskin tanqid qilgan.
Qayd etish joiz, 2025 yilning dekabr oyida Bolgariya hukumati bahsli byudjet loyihasi sababli yuzaga kelgan ommaviy noroziliklar fonida iste’foga chiqqan edi. Prezident ham hukumatni iste’foga chiqishga chaqirib, mamlakat qonun ustuvorligini va davlatchilikni qayta tiklaydigan haqiqiy o‘zgarishlarga muhtoj ekanini bildirgan.
O‘sha paytda korrupsiya va ko‘plab sohalardagi muvaffaqiyatsizliklar sababli hukumatga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, Radev Bolgariya Prezidenti lavozimini to‘qqiz yil – 2017 yil yanvaridan buyon egallab kelayotgan edi. Radev o‘z faoliyati davomida Bolgariya Yevropa integratsiyasini yakunlagani, Shengen hududi va yevrohududga a’zo bo‘lganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 10 iyun kuni Bolgariya Prezidenti Rumen Radev O‘zbekistonga kelgandi. U Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar ham o‘tkazgan.
Live
Barchasi