Bolamni men urdim – Madina Muxtorova o‘g‘lini urganini tan oldi (video)

Jamiyat

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Madina Muxtorovaning o‘g‘li Mirfayz Alimjonov va uning akasi tomonidan do‘pposlanishi yuzasidan o‘tkazilgan brifingda aka-ukaning onasiga ham so‘z berildi. Aktrisa farzandining holati va jamoatchilik muhokamalariga to‘xtalib o‘tdi. 

“Bolam juda qattiq nazoratda. Maktab bilan o‘qituvchi va o‘g‘limni nazarda tutyapman. Uning 1-2 ta qoldirilgan kunlari bor. Bormagan kunlari akasiga telefon qilishadi. Akasi unga ota, kelinoyisi unga ona. O‘qituvchisi maktabdagi kamchiliklari bo‘yicha menga aytib qo‘yishni tayinlagan ekan. O‘sha kuni ham aytdim.“Tur o‘rningdan, akang, o‘qituvching keladi” dedim. Turmadi. Ovqat yeyishini aytsam ham aytganimni qilmadi. Keyin urdim. Onamanmi? Urishga haqqim bormi? Sizlarga nimaga aytishim kerak?”, deydi aktrisa yig‘ilganlarga qarata. 

Madina Muxtorova shuningdek oilasi uning tayanchi ekanligini ham aytib o‘tdi. Qiyin kunlarida aynan ular yonida turishini ta’kidladi. 

“Bu meni oilam. Hozir o‘zim qalqib turibman. Sanjarim, kelinim, oilamdan boshqa qanotlarim yo‘q. Agar och qolsam, qoqilsam biror kim mendan xabar oladimi?”, deydi u. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 yanvar kuni aktrisa Madina Muxtorovaning 13 yoshli o‘g‘li Mirfayz Alimjonov akasi tomonidan muttasil kaltaklanishi, uyning yerto‘lasida yashayotganligi haqidagi so‘zlari aks etgan videorolik tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan 4 yanvar kuni Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan JKning 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Jinoyat kodeksining 109-moddasiga ko‘ra, sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Sog‘liqning qisqa vaqt, ya’ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga yengil shikast yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Madina Muxtorova

Baholaganlar

492

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing