Bolalarning zaharlanishi yuzasidan “sukut saqlash” bo‘yicha topshiriq bo‘lmagan – SSV 

Jamiyat

image

Avvalroq o‘zini sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning yordamchisiman, deb tanishtirgan shaxs jurnalistlarga Prezident Administratsiyasidan Chustdagi bolalarning ommaviy zaharlanishi bo‘yicha sukut saqlash buyurilganini ma’lum qilgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. 

“Ushbu ma’lumot haqiqatdan yiroq, Prezident administratsiyasidan bunday topshiriq bo‘lmagan”, deyiladi vazirlik munosabatida.

Mas’ullar o‘z navbatida, bolalarda aniqlangan holat bo‘yicha huquq-tartibot organlari va tegishli tashkilotlar tomonidan tekshiruv ishlari davom ettirilayotganini eslatgan holda mavzuga doir savol va murojaatlar uchun ochiqligi, hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. 

Biroq jurnalistlarga o‘zini Inoyatovning yordamchisi sifatida tanishtirgan shaxsning nega aynan bu gaplarni gapirgani haqida ma’lumot berilmagan. Hatto uning shaxsi va vazirlikda qanday lavozimda ishlashi ham ochiqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Chust tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ayrim tarbiyalanuvchilari orasida tana haroratining ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatilgan. 71 nafar bolaning sog‘lig‘idan shikoyatlar qayd etilgan va ular tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Namanganda sodir bo‘lgan voqea ortidan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning ko‘rsatmasi bilan maktab va bog‘chalarga tarqatilgan yod preparati iste’moli to‘xtatilgandi.

Shundan so‘ng, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova Namanganda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Chust tumanida bolalarning ommaviy zaharlanishiga dori vositasi sabab bo‘lmaganini aytgan.

23 sentyabr kuni Toshkent shahrida ham ko‘plab bolalar zaharlanib, shifoxonaga olib kelingan. Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumanidagi shifoxonalardan birida olingani aytilayotgan video tarqalgan edi. 

Shuningdek, Namangandagi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Administratsiyasi Amrillo Inoyatov yod Chustd

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing