Bolalarni davlat bog‘chalariga qabul qilish tartibi o‘zgardi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida” 2018 yil 18 martdagi 244-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqida qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, bolalarning quyidagi kontingenti imtiyozli asosda davlat bog‘chalariga qabul qilinish huquqiga ega:

•    I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari;
•    ko‘p bolali oilalarning bolalari;
•    yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
•    “Ayollar daftari” kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning farzandlari;
•    kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning va ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari;
•    talabalar va pedagoglarning bolalari;
•    akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilaridan bo‘lgan bolalar;
•    ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan tashkilotlardan umumiy turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga o‘tkazilayotgan sog‘aygan bolalar.
•    Ushbu qaror kuchga kirgunga qadar davlat bog‘chalariga qabul qilish uchun so‘rovnomasi imtiyozli ro‘yxatga kiritilgan bolalarning imtiyozlari ularga yo‘llanma berilguniga qadar saqlab qolinadi.

Qarorga ko‘ra, birinchi marta tarbiyalanuvchilar qabul qilayotgan yangi qurilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan tegishli mikrouchastkalardagi hududlarda yashovchi bolalar maktabgacha ta’lim vazirining buyrug‘i asosida ustunlik huquqi bilan qabul qilinadi.

Ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun vaqtincha yopilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari ta’mirlash davrida vakolatli organ qarori asosida vaqtincha boshqa tashkilotlarga navbatsiz taqsimlanadi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘z tizimidagi tashkilotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning avtomatik ravishda muntazam yangilanib borilishi uchun o‘z rasmiy veb-saytining MTBAT (Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimi) bilan integratsiyalashuvini ta’minlaydi.

Davlat xizmatidan foydalanish uchun ariza beruvchilar quyidagi huquqlarga ega:

•    so‘rovnomada tashkilotning bola uchun to‘g‘ri keladigan yoshdagi bo‘sh o‘rinlarga ega bo‘lgan guruhini (yo‘llanma olish uchun) yoki bo‘sh o‘rinlarga ega bo‘lmagan guruhini (navbatga kiritilishi uchun) ko‘rsatish (tanlash);
•    bolani tug‘ilgan vaqtdan boshlab tashkilotga navbatga qo‘yish;
•    bir vaqtda uchtagacha tashkilotga navbatga qo‘yish;
•    xato kiritilgan ma’lumotlarni tuzatish;
•    davlat xizmati ko‘rsatilayotgan har qanday bosqichda undan foydalanishni rad etish.

Joriy yil o‘quv yilining 31 may kuniga qadar yetti yoshga to‘ladigan bolalarning so‘rovnomalari ushbu sanada bekor qilinadi hamda avtomatik ravishda navbatdan chiqariladi.


Maqola muallifi

Teglar

bog'cha

Baholaganlar

360

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing