Bolalarga nisbatan internetda uyatsiz harakat qilish jinoyat deb baholanadi (video)
Jamiyat
−
19 dekabr 1213 2 daqiqa
O‘zbekistonda bolalarga nisbatan internetdagi buzuq harakatlar og‘ir jinoyat sifatida baholanishi kutilmoqda. Bu haqda kecha, 18 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining 12-yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, mamlakatda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsiyaviy hamda huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish, ularni jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilish, jinoyat protsessida guvoh sifatida jalb etishning aniq mexanizmlarini belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bolalarga nisbatan internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib, uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishning bir kun mobaynidagi umumiy davomiyligini hamda ularni so‘roq qilish jarayonida qonuniy vakillarning ishtirok etishi tartibini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonun jinoyatlarning oldini olishga, sodir etilgan jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga, shuningdek, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qullagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha strategiya va harakatlar rejasi tasdiqlangandi. Mazkur hujjat Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning amaliy va tizimli ijrosini ta’minlash, shuningdek, bolalarning xavfsizligi va qo‘llab-quvvatlanishini kafolatlaydigan barqaror mexanizmni shakllantirishga qaratilgan. Xususan, unda “Mehrli oila” xizmati, professional qabul qiluvchi (foster) oila instituti joriy etilishi hamda kam sonli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etilishi belgilangan.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr