“Bolalar ko‘ksiga shamol tegadimi?”. Bolalar ombudsmaniga bir qator huquqlar berilmoqda
Jamiyat
−
22 noyabr 2023
4913Bolalar ombudsmaniga mansabdor shaxslarga qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirish va taqdimnomalar kiritish huquqi berilmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun loyihasida keltirilgan.
Mazkur qonun loyihasi bilan Bolalar ombudsmaniga bir qancha huquqlar berilmoqda:
- parlament majlislarida Bolalar ombudsmani ma’ruzasi har yili eshitilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu vakolat orqali Bolalar ombudsmani bola huquqlarini himoya qilish sohasida e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan dolzarb muammolarni parlament maydoniga olib chiqadi va ularning yechimi bo‘yicha takliflar beradi;
- bolalar ombudsmaniga mansabdor shaxslarga qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirish va taqdimnomalar kiritish huquqi berilmoqda. Bunday huquq Bolalar ombudsmani faoliyati ta’sirchanligini oshiradi. Xususan, bu bola manfaatlarini buzilishiga yo‘l qo‘ygan har qanday mansabdorga tegishli chora ko‘rilishiga erishish imkonini yaratadi;
- bolalar ombudsmanining Oliy Majlis, Konstitusiyaviy sud, Oliy sud, Vazirlar Mahkamasi majlislarida ishtirok etish va masalalar kiritish huquqi mustahkamlanmoqda. Mazkur huquq orqali Bolalar ombudsmani parlamentda, ijro organlarida va sudlarda bola huquqlarini maxsus himoya qiladi, mazkur organlar e’tiborini aynan bola manfaati ustunligiga qaratadi;
- surishtiruv, tergov organlari va sud voyaga yetmaganlarning hayoti, sog‘lig‘i yoki jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlarga oid qabul qilgan qaror, hukm (ajrim)lari to‘g‘risida Bolalar ombudsmanini yozma ravishda xabardor qilishi shart. Bunday xabardorlik natijasida bolalarga qarshi jinoyat faktlari yashirilishi, bunday ishlarning qonunga zid ravishda tugatilishi, tergov qilinmasligi yoki sudda ko‘rilmasligi oldi olinadi;
Shu bilan birga, qonun bilan Bolalar ombudsmaniga:
- voyaga yetmagan shaxs ishtirok etgan jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish va ulardan ko‘chirma nusxalar olish;
- bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish Hamada tiklash maqsadida sud jarayonlarida ishtirok etish;
- hukm bilan tanishib, bola manfaatidan kelib chiqib, prokuraturaga hukm ustidan protest bildirish haqida murojaat qilish kabi huquqlar berilmoqda.
Hozirda parlamentda mazkur Qonunni deputatlar tomonidan mutasaddi idoralar mutaxassislari va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirokida ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayoni ketmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 oktyabr kuni Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakilini (Bolalar ombudsmanini) lavozimiga Surayyo Rahmonova Mahmudovna nomzodi tasdiqlangandi. Bunga qadar Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman lavozimini Aliya Yunusova Tuyg‘unovna egallab kelgan va o‘tgan oyda o‘z faoliyatini yakunlagandi.
LiveBarchasi