Bolaga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilandi
Jamiyat
−
22 Oktabr
3458O‘zbekistonda bolalarga nisbatan uning yaqin qarindoshlari tomonidan oilaviy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu haqda kecha, 21 oktyabr kuni Prezident tomonidan imzolangan 978-sonli qonunda belgilandi.
Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi va Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash normasi bilan to‘ldirilmoqda.
Amaldagi normada er-xotin yoki oilada birga yashovchi boshqa shaxslarga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lsa-da, bu harakatlarni bolaga nisbatan sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan edi.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasi “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin berilishi mumkin” mazmunidagi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ham bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
JSSTning ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga o‘z umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi. Tazyiq va zo‘ravonlik oqibatida o‘lim kelib chiqqan hollarning 38 foizida uning turmush o‘rtog‘i yoki u bilan birga ro‘zg‘or qurib yashayotgan shaxsning aybi bo‘ladi.
2023 yil va joriy yilning may oyiga qadar sodir etilgan 894 ta oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning 55,6 foizi, ya’ni 506 tasi taraflar yarashganligi munosabati bilan tugatilgan. Qolgan 44,4 foizi, ya’ni 388 tasi bo‘yicha sud tomonidan tegishli jazolar tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bolaga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilanayotgani xabar qilingandi. Mazkur qonun Jahon bankining tavsiyasi asosida bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhit yaxshilanishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
LiveBarchasi