Bolaga maishiy zo‘ravonlik qilganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda
Jamiyat
−
16 iyul
3345Bugun, 16 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining navbatdagi yig‘ilishida oilaviy (maishiy) zo‘ravonliklardan himoyalash choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, amaldagi normada er-xotin yoki oilada birga yashovchi boshqa shaxslarga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lsa-da, bu harakatlarni bolaga nisbatan sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan.
Shu tufayli, qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik to‘g‘risidagi 126-1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik bilan to‘ldirilmoqda.
Bundan tashqari, Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasi “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin berilishi mumkin” mazmunidagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilmoqda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ham bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda ham qabul qilingan.
LiveBarchasi