Bola koronavirus yuqtirib olmasligi uchun nimaga e’tibor qaratish kerak? Mutaxassisdan eng oddiy tavsiyalar

Salomatlik

image

O‘zbekistonda bolalarning koronavirusga chalinishi bilan bog‘liq holatlar ortib bormoqda. Kuni kecha Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida 11 yashar bolaning ushbu virus sabab vafot etishi ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Koronavirusni yuqtirib olmaslikda esa immunitetni ko‘tarish muhim o‘rin tutadi. Xo‘sh, bolalar immunitetini ko‘tarish uchun nimalarga e’tibor berish kerak? Bu haqdagi savolga koronavirusga qarshi shtab a’zosi Barno Abdusamatova javob berdi.

Uning qayd etishicha, maktab o‘quvchilaridagi immunitet zaifligiga ko‘pincha vitaminlar tanqisligi, yomon uyqu va doimiy psixologik stress sabab bo‘ladi. Vitaminlar tanqisligini to‘g‘ri ovqatlanishni tashkil qilish yo‘li bilan oldini olish mumkin. 

“Maktab o‘quvchilari orasida pala-partish ovqatlanuvchi bolalarning soni yildan yilga ortib boryapti. Yarim tayyor fasfud taomlar ko‘pincha bolalarga zarur bo‘lgan vitamin va minerallarni ovqatdan olishiga to‘sqinlik qiladi. 

7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan davrda bolaning tanasida bir vaqtning o‘zida o‘sish va o‘rganish vazifalarini turganini unutmaslik kerak. Bu esa ota-onadan alohida e’tibor talab etadi.

Bola kuniga kamida 4 marta ovqatlanish kerak. Agar bolada ozg‘inlik yoki ortiqcha vazn bo‘lsa, shifokor maslahati zarur. Sport bilan shug‘ullanadigan o‘quvchining ovqatlanishi jismoniy mashqlar hajmini hisobga olgan holda tuzilishi talab etiladi”, deydi mutaxassis.

Bolalar yodlangan tuzni doimiy iste’mol qilishi kerak. Shuningdek, suv ichish rejimiga amal qilish ham muhim ahamiyatga ega. Taomlar esa vitaminlarga boy bo‘lishi shart. 

“A vitamini bilan boyitilgan sabzi va shirin kartoshkani, sitrus mevalari va brokkoli S vitamini hamda gripp va nafas yo‘llarining yuqumli kasalliklariga qarshi kurashishda yordam beradigan Ye vitaminiga boy yong‘oqlar, albatta, bolalar ratsionida bo‘lishi maqsadga muvofiq.

To‘g‘ri ovqatlanishni tashkil qilishdagi birinchi qadam ovqatlanish madaniyatiga rioya qilishdir. Nonushta, tushlik, kechki ovqat muntazam bo‘lishi va jadvalga muvofiq bo‘lishi kerak. 

Maktab yoshidagi bolalarining organizmi ma’lum ritmlarga moslashadi. Shuning uchun uxlash, ovqatlanish, o‘ynash, yurish va mashq qilish uchun vaqt topish juda muhimdir. Immunitetni yaxshilash uchun bolani yoshligidanoq rejimga ko‘niktirish yaxshiroqdir. Turli yoshlarda ertalab turish, tushlik qilish, uy vazifasini bajarish va yotishga tavsiya etilgan vaqt mavjud”, deydi Abdusamatova.

Mutaxasislarga ko‘ra, kichik maktab yoshidagi bola kechqurun soat 21:00da yotishi va ertalab soat 7:00da turishi kerak. Kattaroq o‘quvchilar keyinroq, soat 22:00da yotishlari mumkin. To‘liq kunlik dam olish immunitetga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Uyqu paytida bola organizmidagi metabolizm tezroq bo‘ladi, shuning uchun bolalar bu soatlarda yaxshi o‘sadi.

Qolaversa, uydagi ijobiy psixologik mikroiqlim bolalar salomatligining muhim shartidir. Maktab o‘quvchisining psixologik holatini barrqarorlashtirishning eng yaxshi usullari bu do‘stlar bilan yaxshi muloqotda bo‘lish, sevimli mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish, ota-onalar bilan film tomosha qilish, o‘yin o‘ynash va sayohat qilish kabilardir.

Xulosa qilib aytganda, maktab o‘quvchilarini immuniteti oshirish uchun  to‘g‘ri ovqatlanish, vaqtida uxlash, kun tartibini to‘g‘ri tashkil etish va ular bilan dustona munosabatda bo‘lish muhim o‘rin tutadi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda Barno Abdusamatova

Baholaganlar

151

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing