“Bog‘chada farzandimizni zaharlashdi”. Toshkentda ham 100 dan ortiq holat aniqlangani aytilmoqda
Jamiyat
−
23 Sentabr 2023
12952Bugun, 23 sentyabr kuni Toshkent shahrida ham ko‘plab bolalar zaharlanib, shifoxonaga olib kelingan. Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumanidagi shifoxonalardan birida olingani aytilayotgan video tarqaldi. Unda doridan zaharlangan bolalarning keti uzilmayotgani aytilgan. Videoni suratga olgan ota farzandining 3 kundan beri kasal ekani va doridan zaharlanganini bildirgan.
“Bog‘chada farzandimizni zaharlashdi”, degan u.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yetib borgan QALAMPIR.UZ muxbiri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 100 dan ortiq ota-onalar shifoxona atrofida to‘plangan.
Ayni paytda ilmiy markazda bo‘lib turgan Hulkar Murtazoyeva ota-onalardan intervyu oldi. Ularning aytishicha, bolalarda bu holat maktabda yod preparati ichirilganidan keyin boshlangan.
“16-shahar shifoxonasi”da ahvol juda ayanchli. Zaharlanish alomatlari bilan olib kelingan bolalarga joy topilmayapti, ota-onalarning esa ichkariga kirishiga ruxsat yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Namangan viloyatida 71 nafar bolada zaharlanish alomatlari kuzatilgan va shifoxonaga olib kelingan. Kecha, 22 sentyabrda esa Andijon viloyatida ham 12 nafar bolada zaharlanish aniqlangan.