Bog‘cha puli, Ai-80 markali benzin, tabiblar-u klasterlar - 1 maydan nimalar o‘zgaradi?
Tahlil
−
30 aprel 2020
21267Joriy yilning 4 aprel kuni O‘zbekiston Republikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini imzoladi.
Unga ko‘ra, 1 maydan boshlab Ai-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilg‘isi) chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi va neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan ularni sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshiriladi.
Xalq tabobatini rivojlantirish markazlari tashkil etiladi
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.
Aholi salomatligini ta’minlash, tibbiy-sanitar yordam ko‘rsatish, turli xil, ayniqsa, surunkali kasalliklar profilaktikasida va ularni davolashda sifat, xavfsizlik va samaradorlik jihatidan amalda sinalgan xalq tabobati muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasining 2020 yil 1 maydan:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan, davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs maqomiga ega Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi (keyingi o‘rinlarda – Respublika markazi);
Tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida mazkur qarorning 8-bandida ko‘rsatilgan moliyalashtirish manbalari bilan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Xalq tabobatini rivojlantirish markazlarini (keyingi o‘rinlarda – Hududiy markazlar) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.
Yangi turdagi klasterlar tashkil qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2020 yil 1 maydan boshlab dorivor o‘simliklarni yetishtirish, saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash klasterlarini (keyingi o‘rinlarda – dorivor o‘simliklar klasteri) tashkil etish, shuningdek, hududlarni dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashtirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.
a) dorivor o‘simliklar klasteriga yer maydoni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va tashabbuskorlar o‘rtasida tuziladigan bitim asosida ajratiladi;
b) xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etiladigan dorivor o‘simliklar klasteriga yer maydoni Qishloq xo‘jaligi vazirligi, o‘rmon fondi yerlarida esa O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan tuziladigan investitsiya kiritish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangandan so‘ng Vazirlar Mahkamasi tomonidan ajratiladi.
May oyidan Bo‘stonliqda yangi soliq tartibi sinovdan o‘tkaziladi
2020 yil 1 maydan 2021 yil 1 maygacha Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida yangi soliq tartibi sinovdan o‘tkaziladi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 20 fevraldagi 107-sonli qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, suv transporti, suv mototsikllari, qorda yuradigan texnika vositalari, kvadratsikllar, paraplan va deltaplanlar, shuningdek, supa, so‘ri va shunga o‘xshash dam olish joylari jismoniy shaxslarning daromad manbasi hisoblanadi va soliqqa tortiladi.
Tajriba davrida jismoniy shaxslar tomonidan dam olish uylari, yashash uchun mo‘ljallangan turar joylar va boshqa ayrim mol-mulklar soliq organlarining tayanch punktlari tomonidan mulk egasiga soliq solish ob’ektlarining hisobga qo‘yilgani to‘g‘risidagi bepul beriladigan guvohnoma asosida ijaraga beriladi.
Prokuratura xodimlari uchun yangi tartib kuchga kiradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonni imzolagandi.
Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida 2020 yil 1 maydan boshlab sud hukmlari, qarorlari, ajrimlari yoki hal qiluv qarorlari qonuniy kuchga kirgan ishlarni prokuror tomonidan tomonlarning (prokurordan tashqari) murojaati mavjud bo‘lgandagina suddan talab qilib olish tartibi amaliyotga joriy etiladi.
Bog‘cha puli miqdorlari tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq 2020 yil 1 maydan amalga kiritilayotgan bog‘chaga to‘lanadigan ota-onalar puli miqdorlari tasdiqlandi. Tartib quyidagi jadvalda ko‘rsatilgan:
Qurilish-montaj ishlarida byurokratiya kamayadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilish nazorat qilish tizimini takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.
Unga muvofiq, Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalar tomonidan qurilishi tugallangan ob’ektlardan foydalanishga ruxsat berish tartibini joriy qilgan holda, moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar xavf-xatar toifasi past ob’ektlar uchun ularni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha mavjud tartib-taomillar 2020 yil 1 maydan bekor qilinadi. Ya’ni xavf-xatar toifasi past ob’ektlarni qurib-bitkazib topshirishda qog‘ozbozlik – byurokratiya kamayadi.