Bodrumdagi restoranda 28 yoshli erkak otib o‘ldirildi

Olam

image

Bugun, 13 iyulga o‘tar kechasi Turkiyaning Mug‘la viloyati Bodrum tumanidagi restoranda sodir bo‘lgan qurolli hujum oqibatida 28 yoshli Muhammer Bilik halok bo‘ldi. Bu haqda “Cumhuriyet” xabar berdi.

Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, hodisa Bitez sohilidagi restoranlardan birida mahalliy vaqt bilan 00:30 atrofida sodir bo‘lgan. Muhammer Bilik uch nafar tanishi bilan ovqatlanayotgan paytda hojatxonaga chiqqan. U stoliga qaytayotganida noma’lum shaxs uning ortidan bir necha bor o‘q uzgan.

Qayd etilishicha, hujum qilgan shaxs voqea joyidan qochib, shu atrofdagi ko‘chada uni kutib turgan mototsiklga o‘tirgan va yashiringan.

Otishma ovozlaridan so‘ng restoran mijozlari vahimaga tushib, hududni tark etgan. Voqea haqida favqulodda xizmatlarga xabar berilgan.

Hodisa joyiga yetib borgan tibbiyot xodimlari Muhammer Bilikni voqea joyining o‘zida vafot etganini aniqlagan. Shundan so‘ng hudud politsiya tomonidan o‘rab olinib, Bodrum prokuraturasi jinoyat yuzasidan tergov boshlagan.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, qurolli hujumni amalga oshirgan shaxs voqeadan avval Bitez sohilidagi bir nechta muassasalarga kirib, Muhammer Bilikni qidirgan. Hozirda gumondorni qo‘lga olish bo‘yicha qidiruv ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 iyul kuni kechasi amerikalik basketbolchi Kayna Rochford Nyu-Yorkdagi turnirda o‘yinlar oralig‘idagi tanaffus paytida otib o‘ldirilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing