Bobur masjidi ibodatxonaga aylantirildi. Modi dindan siyosiy maqsadda foydalanyaptimi?  (foto, video)

Olam

image

Bugun, 22 yanvar kuni 2014 yildagi saylovoldi va’dalarining ijrosi o‘laroq Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi shimoliy Uttar-Pradesh shtatidagi Ayodha shahrida 1528–29 yillarda qurilgan Bobur masjidini hindu tangrisi Ramga bag‘ishlangan katta ibodatxonaga aylantirdi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, Ayodha shahrida hinduizm tangrisining tug‘ilgan joyi deb ishoniladigan ibodatxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan. Marosimga Bosh vazir Narendra Modi boshchiligida 7 mingga yaqin mehmon ishtirok etgan, qatnashchilar orasida Bollivud yulduzi Amitabh Bachchan ham bor. Ulardan ba’zilari bu maqsadda 700 kilometr yo‘l bosib o‘tgan.

1992 yilda hindular tomonidan vayron qilingan Bobur masjidining ibodatxonaga aylantirilishi hind musulmonlari orasida jiddiy norozilik va e’tirozlarga sabab bo‘lgandi.

Shuningdek, Hindiston Milliy Kongressi partiyasidagi Modining siyosiy raqiblari ushbu marosimni boykot qilishlarini e’lon qilishdi. Ularning fikricha, Bosh vazir dindan o‘z maqsadlari uchun foydalanmoqda. Ma’badning ochilishi uchinchi muddatga qayta saylanishi kutilayotgan Narendra Modining saylovoldi kampaniyasining muhim qismi ekanligi ta’kidlangan. 

Tanqidchilar hukumatni mamlakatdagi diniy bayramlarni nishonlash borasida haddidan oshganlikda ayblashmoqda. Konstitutsiyaga ko‘ra, Hindiston dunyoviy davlat hisoblanadi.

Yirik tus olgan bu ochilish marosimida ishtirok etishdan oldin Bosh vazir Modi 11 kun davomida ro‘za tutgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur masjidi

Bobur masjidi — Hindistonning Uttar-Pradesh shtatidagi Ayodha shahrida 1528–29 (hijriy 935) yillarda Boburiylar imperiyasi asoschisi Bobur Mirzo sharafiga sarkarda Mir Boqiy tomonidan qurilgan. U Hindiston shimolidagi eng muhim masjidlardan biri hisoblangan. Shu sababli mahalliy musulmonlar va hindular o‘rtasida asrlar davomida ziddiyat yuzaga kelgan. 1853 yilda hindular Bobur masjidi Ram ilohining muqaddas tug‘ilgan joyida qurilgan, deb da’vo qilishgan. 

Masjid Ramkot (“Ram qal’asi”) deb nomlanuvchi tepalikda qurilgani aytilgan. Hindularning fikriga ko‘ra, Boburiylar qo‘mondoni Mir Boqiy bu yerda ilgari mavjud bo‘lgan Ram ibodatxonasini vayron qilgan. Biroq bu ibodatxonaning mavjudligi bahsli masala bo‘lib qolmoqda. 

1859 yil masjid o‘rtasidan devor o‘rnatildi va Britaniya  binoni hindular va musulmonlar uchun ikkita alohida bo‘limga ajratib berdi. Musulmonlarning ichkarida, hindularning esa tashqi hovlida ibodat qilishiga ruxsat berildi.

XIX asrdan boshlab hindular va musulmonlar o‘rtasida masjid yuzasidan bir qancha nizolar va sud ishi bo‘lib o‘tdi. 1949 yilda Ram va Sita butlari masjid ichiga joylashtirilgunga qadar, bu majmuaning ichki qismi to‘liq namozxona vazifasini bajarardi. 

1984 yilda hindu ibodatxonasi qo‘mitasi hind ma’badini qurishga rahbarlik qilish uchun hindlarning o‘ta o‘ng, radikal guruhlari, jumladan Vishwa Hindu Parishad (VHP) tomonidan qo‘mita tuzildi.

1992 yil 6 dekabrda Vishwa Hindu Parishad tashkiloti va ittifoqchi tashkilotlarga mansub hind millatchilarining radikal guruhlari masjidni buzib tashladilar, natijada Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Buyuk Britaniyada tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, ommaviy to‘qnashuvlar oqibatida 2000–3000 kishi halok bo‘ldi.

2010 yil sentyabrida Ollohobod Oliy sudi masjid Ramning tug‘ilgan joyi deb hisoblangan joyda qurilgani haqidagi da’voni qanoatlantirdi va Ram ibodatxonasi qurilishi uchun markaziy gumbaz joyini tayinladi.

Musulmonlarga masjid qurilishi uchun joyning uchdan bir qismi ham berildi. Keyinchalik bu qaror hind radikallari tomonidan Hindiston Oliy sudiga shikoyat qilindi, unda beshta sudya 2019 yilning avgustidan oktyabrigacha bo‘lgan muddatda bu da’voni ko‘rib chiqdi. 2019 yil 9 noyabrda Oliy sud quyi sudning hukmini bekor qildi va butun maydonni (1,1 gektar) hindlar ibodatxonasini qurish uchun trestga topshirishni buyurdi. Ma’badning qurilishi taxminan 30 milliard rupiy (361 million dollar)ga tushdi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida XVI asrga oid  “Shohi masjidi” deb nomlangan tarixiy masjid mahalliy yo‘lni kengaytirish maqsadida buzib tashlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Narendra Modi Uttar-Pradesh Bobur masjidi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing