AQSH Hindistonga 10 mln dollarlik artefaktlarni qaytarib berdi
Olam
−
16 noyabr
3211Amerika Qo‘shma Shtatlari Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan o‘g‘irlangan san’at asarlarini qaytarish tashabbusi doirasida Hindistonga qiymati 10 million dollarga teng 1400 dan ortiq artefaktlarni topshirdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, qaytarilgan buyumlar orasida yaqinda Nyu-Yorkdagi Metropolitan san’at muzeyida namoyish etilgan asarlar ham bor. Xususan, ular ichida Markaziy Hindistondan Londonga yashirincha olib ketilgan va noqonuniy tarzda muzey homiylaridan biriga sotilgan qumtoshdan yasalgan samoviy raqqosa haykali mavjud.
Mazkur buyumlar 14 noyabr kuni Nyu-Yorkdagi Hindiston konsulligida o‘tkazilgan marosimda rasmiy ravishda qaytarilgan.
Qayd etilishicha, ushbu repatriatsiyalar (narsa yoki shaxsni ularning kelib chiqqan mamlakatiga qaytarish) talon-toroj qilish tarmoqlariga qarshi olib borilgan va davom etayotgan bir necha tergovlar natijasida amalga oshirilgan. Bu tarmoqlarga oldinroq sudlangan kontrabandachilar Nensi Vayner va Subhash Kapur ham aloqador. Kapur amerikalik qadimiy ashyolar sotuvchisi – Nyu-Yorkdagi galereyasi orqali millionlab dollarlik talonchilik tarmog‘ini boshqargani uchun 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Kapur 2011 yilda Germaniyada hibsga olinganidan keyin Hindistonning Tamilnad shtatida sud qilingan. 2012 yilda prokuratura unga nisbatan hibsga olish orderini olgan bo‘lsa-da, u hozirda Hindistonda ekstraditsiya qilinishini kutib, qamoqda qolmoqda.
Nashrga ko‘ra, 10 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat olib borayotgan Manhetten okrugi prokuraturasining Qadimiy buyumlar kontrabandasi bo‘yicha bo‘linmasi – advokatlar, tergovchilar va san’at ekspertlaridan iborat maxsus guruh 5800 ta qadimiy ashyoni qaytarib olib, ularning umumiy qiymatini 460 million dollarga yetkazgan. Ushbu bo‘linma, shuningdek, 16 kishini kontrabanda jinoyatlari uchun sudga tortgan va o‘g‘irlangan madaniy mulk bilan bog‘liq yana olti kishini ekstraditsiya qilish to‘g‘risida ariza bergan.
LiveBarchasi