79 yoshga to‘lgan BMTning “janozasi” yaqin?
Tahlil
−
25 Oktabr
1013924 oktyabr. Bundan roppa-rosa 79 yil burun, xuddi shu kunda yer yuzida tinchlik elchisi bo‘lishi kutilgan, o‘z oldiga qator ezgu maqsadlar qo‘ygan va sayyora xavfsizligi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyoga keldi. Ammo 1945 yilning 24 oktyabrida tashkil etilgan dunyo tarixidagi ikkinchi mazkur xalqaro tashkilot kutilganidek na tinchlik elchisi bo‘lishni va na yer yuzidagi xavfsizlikni ta’minlashni eplay oldi. Eng achinarlisi esa, BMT bugun o‘zidan oldingi shunga o‘xshash formatdagi ilk xalqaro tashkilot hisoblangan Millatlar Ligasining har bir xatosini izma-iz qaytarish orqali uning tanazzul ssenariysini takrorlashga juda yaqindek taassurot qoldiryapti. Quyida shunday xatolar va ular tarixda qanday oqibatlarga olib kelgani, Millatlar Ligasi va BMTning tashkil topish shart-sharoitlari, ulardan birining tarixdan o‘chib ketgani, ikkinchisining esa chuqur inqirozdaligi haqida so‘z yuritiladi.
Xalqaro tashkilotlar tarixi va Millatlar Ligasi taqdirining BMTdagi takrori
Yirik kolonial davlatlarga qarshi qaratilgan “bo‘lingan dunyoni qayta bo‘lish” konsepsiyasi Birinchi jahon urushining asosiy sababi sifatida aytib kelinadi. Lekin bu birgina asosiy sabab emas, har holda. Chunki o‘sha davrda xalqaro doirada mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro muloqot yetishmasligi faktorini ham juda muhim omillar qatorida eslab o‘tish lozim. Birinchi jahon urushi boshlanishidan oldin, haqiqatdan ham jahon miqyosida tan olingan va butun dunyo davlatlarini to‘liq qamrab olgan holda ular uchun yagona xalqaro tartib ishlab chiquvchi tashkilot mavjud bo‘lmagan. Davlatlararo muhim siyosiy voqeliklarni hal qilish uchun nari borsa konferensiyalar tashkil qilingan, xolos. Albatta, o‘zaro muloqot tanqisligi sharoitida yakdillik ham defitsitga aylanadi, bu esa xalqaro darajadagi mojarolarning yetilishi uchun yo‘l ochadi. Shunday qilib, 1914 yilda insoniyatga juda ulkan talafotlar yetkazgan va ilgari kuzatilmagan urush ro‘y berdi. O‘shanda odamzod o‘z tarixi davomida bunday dahshatli 5 yillikka birinchi bor duch kelishi edi. 1918 yilda urushni boshlagan Germaniyaning taslim bo‘lishi Birinchi jahon urushini yakunlab berdi. Shundan so‘ng, yirik davlatlar keng doiradagi muzokaralarga ehtiyoj yanada ortgani, endi busiz xalqaro vaziyatni nazorat qilib bo‘lmasligini tushunib yetdi. 1919-1920 yillar davomida roppa-rosa bir yildan ortiq vaqt ichida 27 ta davlat Fransiyaning Versal saroyida Parij tinchlik konferensiyasini o‘tkazishdi. Mazkur tinchlik konferensiyasida Germaniya va uning ittifoqchilarining po‘stagi qoqildi. Ularning barchasiga reparatsiya, ya’ni tovon puli to‘lash majburiyati yuklandi. Ammo konferensiyaning asosiy yutug‘i, to‘g‘rirog‘i dastavval yutuq deya ta’riflangan voqeligi – Millatlar Ligasi tuzildi. Bu insoniyat tarixidagi ilk keng miqyosdagi xalqaro tashkilot edi. Millatlar Ligasining asosiy vazifalari dunyoda tinchlik uchun kurash, xalqlar o‘rtasida hamkorlik va xavfsizlikni ta’minlash etib belgilandi. Mazmun jihatdan bugungi BMTning ayni vazifalari Millatlar Ligasi uchun ham prioritet edi. Lekin xalqaro tashkilotlar tarixi juda yomon muqaddima bilan boshlandi va bunga sababchi esa aynan Millat Ligasining ijodkorlaridir. Aynan ularning xatolari hosilasi bo‘lgan Millatlar Ligasining noto‘g‘ri va o‘ta adolatsiz siyosati tufayli Birinchi jahon urushining chuqur yaralari bitib ulgurmasdan sayyoramiz Ikkinchi jahon urushi yuzini ko‘rdi. Bu safargi urush oldingisiga qaraganda insoniyatga ikki barobar ko‘proq dahshatlarni taqdim qildi. Qatnashuvchi davlatlar, halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni bo‘yicha Birinchi jahon urushini juda katta farq bilan ortda qoldirgan bu urush rostmanasiga dunyo tarixida eng dahshatli va qirg‘inbarot mojaro sifatida nom qoldirdi. Ikkinchi jahon urushi o‘zining qizg‘in pallasiga kelganda “Birlashgan Millatlar” degan tushuncha birinchi marotaba AQSH prezidenti Franklin Delano Ruzvelt taklifiga ko‘ra, 1942 yil 1 yanvarda Birlashgan Millatlar Deklaratsiyasida qo‘llanildi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan urush yakuniga yetgandan so‘ng paydo bo‘lgan xalqaro tashkilot nomiga asos bo‘ldi. Urush oxirlab qolganida 1945 yilning aprelidan iyunigacha AQSHning San-Fransisko shahrida 50 ta davlat vakillari ishtirokida Birlashgan Millatlarning konferensiyasi bo‘lib o‘tdi va bu konferensiyada xalqaro tashkilot tuzish haqida qaror qabul qilingan holda BMTning Nizomi tasdiqlandi. Keyinchalik, Polsha davlatining bu Nizomni tasdiqlashi munosabati bilan tashkilotga a’zo davlatlar soni 51 taga yetdi. BMT 1945 yilning 24 oktyabrida davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan kundan boshlab yuridik kuchga ega bo‘ldi. Shunday qilib, xalqaro maydon sahnasida omad yuz o‘girgan Millatlar Ligasining o‘rnida yangi Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyoga keldi. Tashkilot 24 oktyabr kuni 79 yoshga to‘ldi. Mazkur ortda qolgan yillar ichida insoniyat va sayyoraga tekkan foydasi va ko‘rsatgan karomatini sarhisob qilish uchun o‘tmish va bugunga yuzlanish kifoya. Tarix bugungi BMT o‘zining eski versiyasi bo‘lgan Millatlar Ligasidan bir qarashda unchalik farq qilmasligidan dalolat bersa, bugun ushbu tashkilot o‘z ajdodi kabi parchalanish va ayanchli xotima bilan yuzlashish tahdidiga juda yaqin qolganidan darak berayotgandek go‘yo. Millatlar Ligasi o‘z faoliyatini boshlashidan oldin tanazzul uchun o‘zi tamal toshini qo‘ygan tashkilot sifatida tarixda qoldi. Bu bir qancha omillar tufayli yuzaga keldi. Bugungi BMT ham o‘z ajdodiga hurmat bajo keltirib, qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yish masalasida Millatlar Ligasi yurgan boshi berk ko‘chada harakatlanmoqda. Xo‘sh, Liga o‘z faoliyati davomida qanday xatolarga yo‘l qo‘ygan? BMT esa qaysi masalalarda tarixdan saboq chiqarishni unutdi?
1-xato. Bir hovuch qo‘llar orasidagi sayyora taqdiri
Insoniyat tarixidagi ilk xalqaro tashkilot tanazzulining asosiy sababi bu – Parij tinchlik konferensiyasida va undan keyin Millatlar Ligasining faoliyatida asosiy qarorlar tor doirada qabul qilinganidir. Birinchi jahon urushidan so‘ng bir qator davlatlar aslida tinchlik uchun to‘planishi lozim bo‘lgan konferensiyada hal qiluvchi rolni o‘ynagan katta uchlikning maqsadlari butkul boshqacha edi. O‘sha paytda katta uchlik tarkibiga AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya davlatlari kirgan. Mag‘lub davlatlar safidagi Germaniya, Avstriya-Vengriya va Turkiya kabilar esa bu paytga kelib siyosiy tanazzulga uchragandi. Shohsupada faqat katta uchlik qoldi. Ular esa o‘z-o‘zidan keyingi davr uchun amal qiladigan dunyo tartibini tuzishdi. Eng qizig‘i, dastlab mag‘lub davlatlar Liga tarkibiga kiritilmadi. Bu esa ushbu xalqaro tashkilot faqat tor doiralarning manfaatlari yo‘lidagi ulov vazifasini o‘tashini o‘shandayoq anglatgandi. Xatolar zanjiri aynan shundan boshlandi. Bu hali hammasi emas edi. Millatlar Ligasi Germaniya va Turkiyaning Yaqin Sharqdagi mustamlakalarini urushda g‘olib bo‘lgan davlatlar, ya’ni Antanta ittifoqi vakillari tomonidan o‘zaro bo‘lib olish niyatini o‘zida aks ettiruvchi Nizom joriy qildi. Bu esa Fransiya va Buyuk Britaniya Osiyo va Afrikaning katta qismi ustidan boshqaruv mandatiga ega bo‘lishiga olib keldi. Shunday qilib, yer yuzida tinchlik vositasi deb ta’riflangan Millatlar Ligasi urushda g‘alaba qozongan davlatlar tomonidan mag‘lublarning yerlari va mulklarini tortib olish “operatsiya”si ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu achchiq haqiqat urushdan keyin o‘rnatilgan tartibdan norozi bo‘lganlarning sonini oshirib yubordi va oqibatda bu G‘arbning bir qator mamlakatlarida yangi radikal va ekstremistik unsurlarga ega jarayon paydo bo‘lishiga olib keldi. Ushbu yangi harakat – fashizm edi va aynan shu alamzada mafkura keng tarqalgan davlatlarda Ikkinchi jahon urushining urug‘lari ekildi.
BMTning Nizomiga esa Xitoy, sobiq SSSR, Angliya va AQSH davlatlari vakillari tomonidan 1944 yilning avgust oyida qabul qilingan loyiha asos qilib olinadi. Bu esa BMT xatolar kitobidagi birichi sahifa bo‘ldi. 1945 yil 26 iyunda BMTning Nizomi 50 ta mamlakat vakillari tomonidan tasdiqlanadi. Bu anjuman esa urush paytida tashkillashtirilgan Yalta konferensiyasida SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya rahbarlari Franklin Delano Ruzvelt, Uinston Cherchill va Iosif Stalin o‘rtasida kelishib olingan edi. Shuning uchun ba’zi manbalarda bugun BMT AQSH, Britaniya va sobiq SSSR tomonidan barpo etilgan, deya tan olinadi. Tashkilot 1945 yilning 24 oktyabrida uni ta’sis etgan ko‘pchilik davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan kundan boshlab yuridik kuchga ega bo‘ldi. Shunday qilib, BMT ham Millatlar Ligasi kabi bir hovuch qo‘llar orasida qaror topdi va o‘sha qo‘llar mazkur tashkilotni boshqarishda cheksiz vakolatlarni o‘zida jam qilgan “veto” huquqini o‘ziniki qilib oldi. Bu esa keyinchalik tashkilot faoliyatida ham o‘ziga xos tarzda aks etdi. Xususan, tashkilotda barcha a’zolarni jamlagan Bosh Assambleya bilan bir qatorda Xavfsizlik Kengashi ham tashkil qilindi. Kengashga esa BMTni qurgan asosiy davlatlar – AQSH, Buyuk Britaniya, SSSR hamda Fransiya va Xitoy ham kiritildi. Ushbu davlatlar Ikkinchi jahon urushida g‘olib bo‘lgan blok hisoblanadi. Kengashning doimiy 5 ta a’zosida mavjud bo‘lgan “cheklanmagan” vakolat, bugungi kunda tashkilotga a’zo qolgan 188 ta davlatning manfaatlari va ovozlaridan ustun bo‘lgan adolatsiz strukturani shakllantirdi. AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiya kabi Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari bo‘lgan davlatlarda mavjud bo‘lgan va tashkilotni borgan sari zaiflashtirib borayotgan “veto” huquqini hech bir asos bilan oqlay bo‘lmaydi. Bu esa BMT ham o‘zining avvalgi yoshi ulug‘ versiyasi kabi urushdan keyingi g‘olib davlatlarga keng vakolatlar, mag‘lublarga esa quruq a’zolik taqdim qilganini ochiq-oydin isbotlaydi. Eng achinarlisi esa shu kundan boshlab to hozirgacha tashkilotga a’zo 193 ta mamlakat va yer yuzidagi 8 milliarddan ortiq aholining taqdiri mana shu besh davlatning qo‘lida qolib ketmoqda.
2-xato. Bo‘sh nazorat
Birinchi jahon urushidan so‘ng tarkib topgan Millatlar Ligasidagi adolatsiz xalqaro tartib Yevropaning ko‘p qismida millatchilik kayfiyatini urchitib yuboradi. Bu esa mag‘lub millatlar hukumatining tepasida turgan liderlar uchun juda yaxshi imkoniyat tuhfa qiladi. Ular o‘z fuqarolarining millatchilik kayfiyatiga yog‘ sepishga kirishadi. Natsizm targ‘ibotchilari o‘z millati uchun ijtimoiy adolatni o‘rnatishni va’da qilib, ortidan juda katta olomonni ergashtirishni boshlaydi. Mazkur holat xalqaro maydonda yangi boshboshdoqlik urug‘larini ekkan holda Millatlar Ligasining chirish jarayonini boshlab berdi. Davlatlar orasida harbiy kuchga tayanish masalalarning asosiy yechimi sifatida ko‘rildi. Qurollanishga qarshi va mojarolarni hal qilish ustidagi kelishuvlar behuda ketdi. Oqibatda vaqt o‘tib Millatlar Ligasi atrofida qaror topgan tizimga amal qilish davlatlarning kun tartibidan tushib qoldi. Xuddi hozirgidek. Har kim yopinchiqni o‘z tomoniga tortishni boshladi. Bir tomonda Britaniya va Fransiya bo‘lsa, qirg‘oqning ikkinchi tomonida eski qadrdonlar Germaniya, Italiya va Yaponiya turar edi. Ikki yirik o‘yinchi – SSSR va AQSH esa ushbu qarama-qarshilikni yuqorida, daraxt uchida turgan holda diqqat bilan kuzatardi. Millatlar Ligasi allaqachon omonatgina tashkilot bo‘lib ulgurgandi. Tashkilotning qimirlab qolgan mo‘rt binosidan dastlabki toshni ko‘chirish Yaponiyaning chekiga tushdi. O‘sha paytda Uzoq Sharqda o‘zini yakka hukmdor deb biladigan Yaponiya 1932 yilda Xitoyga bostirib kirib, Manchjuriyani bosib oldi. Bir yil o‘tib esa Millatlar Ligasini tark etdi. Shundan so‘ng yaponlar Markaziy Xitoyni ham bosib oldi. Bosqinchilik harakatlari Italiya tomonidan davom ettirildi. 1935-36 yillarda Italiya Efiopiyaga hujum qildi va Eritreya hamda Somalining bir qismini o‘ziniki qilib oldi. Italiya ham ushbu voqeadan bir yil o‘tib Millatlar Ligasini tark etdi. Bundan tashqari, o‘sha paytda insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg‘inga hozirlanayotgan nemis fashizmini jilovlash e’tibordan chetda qoldirildi. Germaniya inqirozning tubiga g‘arq bo‘lgan holatda ham unga natsistik masalada qarshi turish Liganing qo‘lidan kelmadi. Harbiy tizimini tobora isloh qilib, qasos olishga shaylanayotgan Germaniya yirik va qudratli davlatlar tomonidan unutib qo‘yildi. Shunday qilib, Millatlar Ligasi haqidagi hujjatlar bir parcha qog‘oz bo‘lib qoldi. Dunyo esa bu paytda xalqaro tartiblar buzilgan voqeliklar fonida Ikkinchi jahon urushiga qarab oyog‘ini qo‘liga olib, katta tezlikda odimlab borardi.
BMT ham tashkil topgandan buyon nazorat masalasida oqsoqlanishda Millatlar Ligasidan qolishmayapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, BMT tuzilgandan buyon yer yuzida 480 dan ortiq urush va mojarolar bo‘lib o‘tgan. Bu esa so‘nggi 79 yil ichida har 2 oyda bir konflikt yuz berganini anglatadi. To‘g‘ri, mojarolarning katta qismi mahalliy urushlar bo‘lgan. Ushbu urushlarning barchasini ham BMT gardaniga yuklash mantiqan to‘g‘ri emas, biroq o‘z faoliyati davomida to‘xtatish yoki oldini olishi lozim bo‘lgan jarayonlarda ham BMT zaiflik qilgan holatlar yetarlicha. O‘zi boshlagan urushga qarshi qabul qilingan rezolyutsiyaga vakolati doirasida mavjud bo‘lgan “veto” huquqidan foydalanib, qirg‘inlarini davom ettiruvchi Xavfsizlik Kengashining ayrim a’zolari bor ekan, dunyoda tinchlik qaror topishidan umid qilish kulgili. Nafaqat Kengash a’zolari, balki ularda mavjud “veto” huquqi va BMTning tashkiliy strukturasi ham bugun hech bir talabga javob bermayapti.
Ushbu tashkilotda qaror topgan adolatsiz va mantiqsiz struktura esa quyidagicha. BMT ikkita asosdan tashkil topgan – Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi. Assambleya tashkilotga a’zo bo‘lgan barcha davlatlarni qamrab oladi. Adolat allaqachon tark etgan Xavfsizlik Kengashining tarkibi esa hammaga ma’lum. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Kengashning doimiy a’zolari AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Fransiya va Xitoy kabi davlatlardir. Xavfsizlik Kengashi bor joyda Bosh Assambleya biror masala yuzasidan bir qarorga kelishi hech nimani anglatmaydi. Chunki rezolyutsiya qabul qilinishi uchun 193 ta davlatning ichida yetarli ovoz to‘plangan taqdirda, birgina Xavfsizlik Kengashi a’zosi tomonidan qo‘yilgan veto barcha sa’y-harakatlarni yo‘qqa chiqaradi. Ushbu veto huquqi tarkibi o‘zgarmas 5 ta davlat tomonidan monopoliya qilinganini hisobga olsak, adolat va mantiq bu tashkilot shtab-kvartirasiga tashrif buyurmaganiga ancha bo‘lganini anglash qiyin emas. Dunyodagi ko‘plab urush va mojarolar, qonli qirg‘inlarning eng tagida aynan shu veto huquqi yotadi. Nazoratning yo‘q bo‘lishida ham asosiy sababchilardan biri Xavfsizlik Kengashining noto‘g‘ri va adolatsiz tarzda tashkil etilganligidir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi – uning asosiy doimiy ishlovchi siyosiy organi hisoblanadi. BMT Nizomining 24-moddasiga binoan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlab turish uchun asosiy javobgarlik aynan Xavfsizlik Kengashi zimmasiga yuklatilgan. Biroq shunday bo‘lsa-da, o‘tgan davr mobaynida AQSH va Buyuk Britaniya Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada, Rossiya esa Kavkazorti va Sharqiy Yevropada siyosiy beqarorlik va bir qancha mojarolarga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar Osiyo-Tinch okeani mintaqasida bir qancha asossiz urushlarni keltirib chiqardi. Bu mojarolarda esa Xitoy va sobiq SSSRning o‘rnini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
3-xato. Tajovuzkorga “xo‘p” deyish
Millatlar Ligasi qulashga tayyor bo‘lib qolgan paytda, Birinchi Jahon urushidan alamzada bo‘lgan Germaniya harbiy va iqtisodiy jihatdan dinamik o‘sishga erishdi. Nemis fashizmidan qo‘rqish Millatlar Ligasi va undagi asosiy figuralarning keyingi harakatlarini belgilab berdi. Biroq bunda faqat qo‘rqish faktorigina muhim ahamiyat kasb etmagan. Ushbu holatda G‘arb elitalari Liga a’zosi bo‘lgan SSSR va Chexoslovakiyaga nisbatan surbetlik qilish orqali o‘zlarini himoya qilishni ko‘zlagandi. Ular fyurer hukumatiga Chexoslovakiya yerlarining bir qismini berish va nemis tajovuz mashinasining yo‘liga chiqishdan ko‘ra, uning marshrutini sharqqa SSSR hududiga qarab burilishini lozim topdi. Biroq bu shunchaki asossiz umid edi va keyinchalik G‘arb davlatlarining “tajovuzkorga yon berish” siyosati deb nom olgan mazkur irodasizligi Ikkinchi jahon urushiga yo‘l ochib berdi. Xullas, Liga o‘z dumini yutishni boshlagan ilon kabi qilgan harakatlari tufayli o‘zining boshini yedi.
BMTda esa zo‘ravonlik bilan bog‘liq holat biroz boshqacha tus olgan. Bu yerda siyosiy beqarorlik tashkilot ichidagi asosiy asoschilar tomonidan amalga oshirilishi insonni biroz o‘yga toldiradi. Bu o‘z-o‘zidan muammo juda murakkab va uning ildizi ancha chuqur ekanini anglatadi. Zo‘ravonliklarning asosiy ozuqasi esa bu – “veto” huquqi. Ushbu vakolat qanday ishlashi yuqorida tushuntirildi, biroq ko‘plab salbiy jihatlarga ega ushbu huquq unga ega bo‘lgan “xavfsizlik va tinchlik uchun javobgar bo‘lgan 5 ta davlat” tomonidan qanday, qancha va qay tarzda foydalanilgani alohida mavzu. Ma’lumotlarga ko‘ra, veto shu paytgacha salkam 300 marta qo‘llanilgan. Ularning eng katta qismi SSSR va uning vorisi Rossiya tomonidan foydalanilgan. Ular umumiy hisobda 120 dan ortiq holatda bu vakolatlarini ishga solgan. Bu vetolarning juda ko‘p qismi tashkilotga yangi a’zolarni qabul qilishga qarshi ishlatilgan. Qo‘shma Shtatlar ham bu borada juda ilg‘or. Eng achinarlisi esa AQSH o‘zining vetolarining deyarli teng yarmini XX va XXI asrning eng surbet okkupanti Isroilga qarshi qabul qilingan rezolyutsiyalarni bloklash uchun qo‘llagan. Bugun bo‘lsa, tinchlik va xavfsizlik uchun javob berishi lozim bo‘lgan Xavfsizlik Kengashining ikki a’zosi ayni damda yer yuzida ro‘y berayotgan ikki dahshatli bosqinning asosiy o‘t oldiruvchisi bo‘lib turibdi. Biri sirtdan, boshqasi esa ochiqdan-ochiq. Shu tarzda Xavfsizlik Kengashining a’zosi bo‘la turib, BMT konsepsiyalariga mutlaqo zid tarzda harakatlanish butun tashkilotning reputatsiyasini parchaladi. Bu ketishda esa Yaqin Sharq va Sharqiy Yevropada BMTning ehtimoliy qabrlari paydo bo‘lishi hech gap emas.
BMT haqida kitob yozilsa…
Bugun BMTning qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan. Qarorgohning binosi va maydoni xalqaro zona hisoblanadi. Bu esa ushbu hudud birgina AQSHning emas, balki BMTga a’zo bo‘lgan barcha davlatlarning hududi deganidir. Qarorgohning qarshisida a’zo mamlakatlar bayroqlari qadalgan. BMTning o‘z bayrog‘i ham bor bo‘lib, u havorangda va o‘rtasida oq rang mavjud. Bundan tashqari, bayroqda zaytun daraxtining shoxlari o‘rab turgan dunyo xaritasining tasviri ham bor. Zaytun daraxti tinchlik ramzi hisoblangani uchun BMT bayrog‘idan joy olgan. Ammo hozircha tinchlik ramzi osmonda hilpirab turgan bayroqdan yerga tushganicha yo‘q. Tashkilot Nizomida BMTning tamoyillariga amal qilmagan davlatlarning huquqlarini cheklab qo‘yish yoki uni umuman a’zolikdan mahrum etish belgilangan. Ammo bugunga qadar hali biror bir mamlakat BMTdan chiqarilmagan. Hozircha BMTni Millatlar Ligasidan farqlab turgan kam sonli jihatlardan biri aynan shu. Uni hali hech bir davlat tark etmadi. Tashkilot bugungi kunda bir qator xalqaro bayramlarni nishonlab keladi.
Bular:
- Xalqaro xotin-qizlar kuni (8 mart);
- Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni (5 iyun);
- Xalqaro savodxonlikni yoyish kuni (8 sentyabr);
- Xalqaro qashshoqlikka qarshi kurash kuni (17 oktyabr);
- Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni (1 dekabr);
- Inson huquqlari kuni (10 dekabr).
Biroq “tinchlik” degan bayramni nishonlash hali tashkilotga nasib qilmadi. Ustiga ustak 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bosqini oqibatida jiddiy yaralangan BMT bugun G‘azoda yurak xurujiga uchrab, o‘lim talvasasida to‘lg‘anayotgan odamdek taassurot qoldirmoqda. Jon taslim qilishi uchun esa nima sodir bo‘lishi lozimligi hech kimga sir emas. Xullas, BMT faoliyati haqida juda uzoq so‘zlansa, bir necha jild kitoblar yozsa bo‘ladi. Lekin bu kitoblarning asosiy boblari Isroilning Falastindagi qirg‘inlari, Rossiya tomonidan Ukraina kulining ko‘kka sovurilishi va Yaqin Sharqdek tarixiy sivilizatsiya o‘choqlarida AQSH o‘z ortidan qoldirib ketgan xarobazorlar haqidagi voqealardan tarkib topadi.