BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori tayinlandi
Jamiyat
−
05 iyun 2024 4339 2 daqiqa
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish avstriyalik Sabine Mahlni BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori etib tayinladi. Bu haqda xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.
Sabine Mahl 1 iyundan boshlab o‘z vazifalarini bajarishga kirishdi. Ushbu tayinlovga qadar doktor Sabine Mahl 2019-2024 yillarda BMTning Gruziyadagi doimiy koordinatori lavozimida ishlagan.
Sabine Mahl 22 yildan ortiq vaqt davomida xalqaro tashkilotlarda faoliyat olib borgan. Jumladan, Indoneziya, Falastin va Qirg‘izistonda BMT Ayollar vakolatxonasi rahbari, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchi vazifasida ishlagan.
2007-2011 yillarda Sabine Mahl Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini Gaagadagi etnik ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissarining sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlarini qamrab oluvchi bo‘limi rahbari/katta maslahatchisi lavozimida ishlagan.
2005-2007 yillarda Qirg‘izistonda YeXHT markazi rahbari o‘rinbosari va ushbu tashkilotning bosh qarorgohida mojarolarning oldini olish markazida Markaziy Osiyo bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
2001 yil davomida Sabine Mahl YeXHTning Estoniyadagi missiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimiga faoliyat olib borgan va 2000 yilda Avstriyaning YeXHTga raisligi davrida u Avstriya doimiy vakolatxonasining birinchi kotibi lavozimida faoliyat yuritgan. U, shuningdek, Avstriya Tashqi ishlar vazirligining Siyosiy bo‘limida Janubi-Sharqiy Yevropa bo‘limi boshlig‘i, Yevropa Parlamentida, Venadagi uchta turli sudlarda va Kroydon/Londonda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.
Sabine Mahl Vena universitetida tahsil olgan, ikkita magistr darajasiga ega (huquq va tillar) va huquq fanlari doktori. Sabine Mahl nemis (ona tili), ingliz, rus va fransuz tillarini yaxshi biladi. Oilali, ikki o‘g‘li bor.
Live
Barchasi