BMTning salohiyati hali to‘liq ochilmagan – Putin
Olam
−
18:20 332 2 daqiqa
Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) salohiyati hali to‘liq ochilmagan. Bu haqda bugun, 1 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Bishkekda bo‘lib o‘tgan “SHHT plyus” sammitida so‘z ochdi.
Rossiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, BMT davlatlar o‘rtasidagi muloqot, diplomatiya va hamkorlik uchun noyob maydon bo‘lib qolmoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, tashkilot turli mamlakatlar manfaatlarini muvofiqlashtirish mexanizmi sifatida yaratilgan va bu funksiyani saqlab qolishi kerak.
“BMTning salohiyati hali to‘liq ochilmagandek tuyuladi. Uning faoliyati samaradorligini oshirish, jumladan Xavfsizlik kengashining vakilligini Global Janub va Sharq mamlakatlari hisobiga kengaytirish uchun harakat qilish muhimdir”, deydi Putin.
Rossiya rahbari BMT ishini jahon siyosati va iqtisodiyotidagi o‘zgarishlarga moslashtirishga chaqirgan. Shu bilan birga, u bugungi kunda davlatlar manfaatlarini muvofiqlashtiruvchi boshqa universal mexanizm mavjud emasligini qayd etgan.
“Butunjahon tashkiloti, shubhasiz, manfaatlarni muvofiqlashtiruvchi asosiy mexanizm funksiyasini o‘z saqlab qolishi kerak. U eng boshidanoq manfaatlarni muvofiqlashtirish mexanizmi sifatida yaratilgan edi”, deydi Rossiya Prezidenti va BMT Nizomi bundan buyon ham xalqaro huquqning asosiy manbai bo‘lib qolishi kerakligini aytib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, Bishkekda bugun, 1 sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisidan so‘ng “SHHT plyus” formatida mamlakatlar yetakchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda 18 ta davlat va 7 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Qirg‘iziston Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligini yakunladi va uni Pokistonga topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Bishkekda bo‘lib o‘tgan “SHHT plyus” sammitida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Armaniston bilan nizoni hal qilishda hech qanday rol o‘ynamaganini aytgan edi.
Live
Barchasi