BMTI 4 mlrdga yaqin pul “yeb yuborilgani” haqidagi xabarga javob qaytardi
Jamiyat
−
11 may 2022
10570Avvalroq Buxoro muhandislik-texnologiya institutida 4 mlrd so‘mga yaqin byudjet pullari noto‘g‘ri sarflanib, talon-toroj qilingani haqida xabar bergan edik. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oliy ta’lim muassasasida tekshiruv o‘tkazib, shunday xulosaga kelgandi. Buxoro muhandislik-texnologiya instituti agentlik bergan axborot yuzasidan raddiya e’lon qildi.
OTMning ma’lum qilishicha, 2019 yilda Buxoro viloyati hokimligi tomonidan quruvchi tashkilot “Fast Quality Building” MCHJga Buxoro muhandislik texnologiya instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) binosining 2 korpus fasad qismini to‘liq ta’mirlash topshirig‘i berilib, ushbu mablag‘lar mahalliy byudjet hisobidan qoplanishi aytilgan. Pudratchi tashkilot tomonidan 2019 yilning iyul-dekabr oylarida ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Lekin “Fast Quality Building” MCHJga 2020 yilga qadar shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘lar hokimlik tomonidan o‘tkazib berilmagan.
Shundan so‘ng qurilish tashkiloti mablag‘ni undirish da’vosi bilan Institutni sudga bergan. Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 6 noyabr kungi ajrimiga asosan, ushbu mablag‘lar javobgar Institut tomonidan to‘lab berilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Garchi ushbu mablag‘ (1,27 mlrd so‘m) quruvchi tashkilotga viloyat hokimligi tomonidan to‘lanishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, oliy o‘quv yurtidan da’vogar MCHJ hisobiga majburiy undiruv amalga oshirilgan.
OTM 1,4 mlrd so‘mlik qurilish ishlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tender tanlovlarisiz bajarilgani haqidagi fikrga ham izoh bergan. Qayd etilishicha, Institut amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari uchun hokimlik to‘lab berishi kerak bo‘lgan mablag‘ni ilojsizlikdan, sud qarorini ijro etish maqsadida to‘lab bergan. Bu esa mavjud qonunchilik talablaridan chetga chiqilmaganligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, e’lon qilingan ma’lumotda “Vobkent San-tex stroy montaj servis” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan 2,4 mlrd so‘mlik qurilish ishlari yakunlangani, biroq tugallangan ishlar Komissiya tomonidan qabul qilinmay, uning kafolat muddati tugamagan bo‘lsa-da, pudratchiga 91,5 mln so‘m mablag‘ oldindan to‘lab berilganligi keltirilgandi. Bu holatga OTM quyidagicha tushuntirish bergan.
Ta’kidlanishicha, “Vobkent San-tex stroy montaj servis” MCHJ ushbu qurilish ob’ektini tenderda ishtirok etgan holda yutib olgan. Shu bilan birga, “Vobkent San-tex stroy montaj servis” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari davomida loyiha-smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan yong‘in xavfsizligini ta’minlovchi tizim, yong‘in xavfsizligi qutilari (shit) va boshqa ayrim ish turlari qolib ketgani sababli ushbu ish hajmlari tadbirkor tomonidan bajarib berilgandan so‘ng, mazkur ob’ekt qabul komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda qabul qilib olinib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Bundan tashqari, agentlik xabarida Institutda mablag‘larni ortiqcha sarflanishiga yo‘l qo‘yilgani haqida so‘z boradi.
“Ta’kidlash o‘rinliki, ushbu ma’lumotlar aynan Institutning bosh auditori tomonidan o‘tkazilgan ichki audit tekshiruvlari natijasida aniqlangan.
Jumladan, mas’ullar tomonidan 18 nafar magistrant va 7 nafar talabaning imtihonda olgan “4” baholari qaydnomalarga ko‘chirilishida «5» bahoga o‘zgartirilganligi natijasida 14,7 mln so‘mdan ziyod stipendiyalar ortiqcha to‘langan. Mazkur mablag‘lar o‘rnatilgan tartibda undirilib, o‘z vaqtida mas’ullarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan”, deyiladi OTM bayonotida.
Institutda mehnat qonunchiligi talablarining buzilishi, qarindosh-urug‘chilik aloqalari borasida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani, tabaqalashtirilgan to‘lov, ta’lim dasturlari hamda stajyor-tadqiqotchilikka qabul qilishdagi kamchiliklar yuzasidan qonuniy chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga ma’lumot kiritilgani haqida so‘z boradi.
Bunga javoban OTM taqdim etilgan materiallar Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmaganligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilinganini ta’kidlagan.
“Faqatgina kafedra mudirining harakatlarida oz miqdorda byudjet mablag‘larini rastarata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilish alomatlari aniqlanganligi bois, holat bo‘yicha ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudiga yuborish choralari ko‘rilgan”, deya bayonotni yakunlagan OTM.