BMTda O‘zbekiston tashabbusi bilan rezolyutsiya qabul qilindi
Olam
−
14 avgust
6884Kecha, 13 avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi bir ovozdan “Degradatsiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va ularni targ‘ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi” rezolyutsiyasini qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Bildirilishicha, hujjatda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bosh Assambleyaning 78-sessiyasi va BMT Iqlim bo‘yicha 28-konferensiyasida iqlim o‘zgarishiga va yerlarning degradatsiyasiga qarshi samarali kurashish bo‘yicha bildirgan asosiy takliflari o‘z ifodasini topgan.
Rezolyutsiyaga 100 dan ortiq a’zo davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, Ozarbayjon, Avstriya, Belgiya, Bahrayn, Vengriya, Germaniya, Italiya, Iordaniya, Indoneziya, Qatar, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Latviya, Mo‘g‘uliston, Marokash, Ummon, BAA, Pokiston, Portugaliya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Fransiya va dunyoning turli mintaqalarini ifodalovchi boshqa davlatlar hammualliflik qilgan.
Rezolyutsiyada o‘rmonlarni barqaror boshqarish va daraxt o‘tqazishning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik afzalliklari har tomonlama ko‘rsatilgan. Ularning biologik xilma-xillikni oshirish, iqlim o‘zgarishi va havo ifloslanishi oqibatlarini yumshatish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qo‘shgan hissasi, jumladan. kambag‘allikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi hissasi alohida ta’kidlanadi.
Qayd etilishicha, rezolyutsiyaning o‘ziga xos xususiyati uning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi so‘nggi ilmiy yo‘nalishlarga muvofiqligidir. Ekologik toza va ekotizimga asoslangan usullardan foydalangan holda biologik xilma-xillikni saqlash va ko‘paytirish maqsadida BMTga a’zo mamlakatlarga daraxt ekish sohasida aniq tavsiyalar beriladi.
LiveBarchasi