BMT inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekistonning yaltiroq bayonotlariga ishonadimi?

Intervyu

Folker Turk – avstriyalik advokat va Birlashgan Millatlar Tashkiloti xodimi. U uzoq yillar davomida BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2015-2019-yillarda, hatto, o‘rinbosar lavozimigacha ko‘tarilgan. 

2022 yilning sentyabrida esa biz sizga tanishtirib o‘tayotgan Folker Turk Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Antoniu Guterrish tavsiyasi bilan Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari etib tayinlandi.

13 mart kuni Fol’ker Turk boshchiligida delegatsiya Toshkentga yetib kelib,15 mart kuni esa Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Qolaversa, shu kunning o‘zida Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Muzokaralardan so‘ng, Folker Turk BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasida OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazib, anjuman davomida O‘zbekistonda Inson huquqlari qay darajada ta’minlangani, yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar va erishilgan yutuqlar haqida gapirib o‘tdi.

“O‘zbekistonga meros bo‘lib qolgan siyosiy tuzilmalar inson huquqlarini e’tiborga olmagan. So‘nggi olti yil ichida bu tubdan o‘zgardi. Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar keng ko‘lamli sohalarda muhim huquqiy islohotlarni o‘z ichiga oldi: paxta dalalarida majburiy mehnatga barham berish; 76 000 dan ortiq avval fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqarolik berish; Suriya va boshqa yerlardagi lagerlardan 500 dan ortiq ayol va bolalarning qaytarib olib kelish va qayta integratsiyasini ta’minlash. Men boshqa davlatlarni ham o‘rnak olishga chaqiraman. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro mexanizmlar, Inson huquqlari bo‘yicha kengash va mening Idoram bilan turli masalalar, jumladan, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilish bo‘yicha mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Shu haftadagi tashrifim davomida mansabdor shaxslar o‘z oldilarida turgan vazifalarning ko‘lami haqida gapirishdi. Shuningdek, ular o‘zlariga meros qolgan qiyinchiliklarga ham to‘xtaldilar. Va unutmaylik, eski odatlardan qutulish qiyin. Vaqt o‘tishi bilan inson huquqlariga oid tafakkur va xatti-harakatlar mamlakat tuzilishiga yanada singib ketdi. Islohotlar tezlashdi va men bu bosqichma-bosqich jarayonligi va hali oldinda ish ko‘p ekanligini yaxshi bilaman. Hech kim bu o‘zgarishlardan chetda qolmasligi kerak”, deya o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi Folker.

Xo‘sh, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy Komissari O‘zbekistonda inson huquqlari borasida bajarilayotgan ishlarni baholashda o‘z mustaqil kuzatuvlariga tayanadimi yoki O‘zbekiston hukumatining yaltiroq hisobotlariga ishonadi?

“Ma’lumotlar manbasi haqida gapirar ekanmiz, bizning idoramiz yaxshi xabardorki, inson huquqlarini ta’minlashda hukumatning ham qator qiyinchiliklari bor. Ular ishonarli manbalarga tayanishi lozim. Biz mana shu ma’lumotlar asosida qaysi yo‘nalishda vaziyat yaxshilandi, qaysinisida o‘zgarmagani, qanday ish olib borish lozimligi haqida tahlil qilamiz. Biz rasmiy manbalardan tashqari boshqa manbalarga ham tayanamiz, albatta. Oliy komissar sifatida barchaga quloq solish bu mening vazifam hisoblanadi. Fuqarolik jamiyati faollariga, rasmiy shaxslarga va norasmiy shaxslarga ham, albatta, quloq solishim kerak. Bunda biz ko‘prik vazifasini bajaramiz. Inson huquqlari ham aynan shundan – erkin, shaffof muhit yaratishdan iborat aslida”, deydi u.

Uning aytishicha, tashrif davomida u gapirish va eshitish qobiliyati cheklangan bir ayol bilan uchrashgan. O‘zbekistonlik ayol esa unga mamlakatda nogironlar huquqlari bo‘yicha ko‘nglini cho‘ktirgan va hafsalasini pir qilgan muammolar haqida aytib bergan.

“Inson huquqlari har bir insonning kundalik hayotida markaziy o‘rinni egallashi muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonga tashrifim chog‘ida men bir yosh ayol bilan uchrashdim va u imo-ishora tilidan foydalanib, ko‘nglini cho‘ktirgan va hafsalasini pir qilgan muammolar haqida aytib berdi. Ayni paytda u umidlari borligini ham bildirdi. U inson huquqlari sohasida olgan ta’limi unga inson huquqlari odam sifatida qadr-qimmati belgisi ekanligini isbotlab, o‘zini qadrlash muhimligini ko‘rsatgan. Ishoralar orqali, u: "Men tizim o‘zgarib, shunda men kabi yoshlar ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘lishini xohlayman" deb izoh berdi. Bosh komissar sifatida men umid qilamanki, yangi islohotlar natijasida yangi O‘zbekiston unga va barcha o‘zbekistonliklarga to‘liq va munosib hayot kechirish imkoniyatini beradi. Uning qat’iyati meni kuchli hayratda qoldirdi va men ham uning umidlariga qo‘shilaman”, deydi Komissar.

Shuningdek, QALAMPIR.UZ muxbiri Folker Turkning O‘zbekistonda o‘quvchi va talabalarga formaning majburiy tarzda joriy etilishi va bu inson huquqlariga zid yo unday emasligi haqida fikriga ham qiziqdi. Bu savolga javoban esa, u, bolalarning bir xil kiyinishi bu ularni bir xil darajaga qo‘yishini aytdi.

“Bilamizki, yuqori daromadli mamlakatlarda boy oilaning farzandlari bor va ular juda maktabga qimmat kiyinib keladi. Ba’zi oilalarning esa bunga imkoniyati bo‘lmasligi mumkin. Shunga ko‘ra, masalan maktablarda formaning bo‘lishi juda ham to‘g‘ri qarorga o‘xshaydi. Bu o‘quvchilar o‘rtasidagi bo‘shliqni to‘ldirishi mumkin. Bu jamiyatga bog‘liq. Jamiyat forma masalasida o‘zi qaror qabul qilishi kerak. Shuninngdek, bu davlatning, jamiyatning rivojlanish darajasiga ham bog‘liq. 

Agar jamiyatda notenglik juda ham yuqori darajada bo‘lsa, bir xil formani joriy qilish qanchalik ta’sir qilishini bilmayman. Lekin bu muhim deb o‘ylayman”, deya javob berdi Folker. 

Ma’lumot uchun, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy Komissari 15 mart kunining o‘zida O‘zbekitonga tashrifini yakunladi. 


Maqola muallifi

Teglar

BMT inson huquqlari forma nogiron Fol'ker Turk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing