BMT urushlarda qatnashayotgan bolalar sonini ochiqladi
Olam
−
08 iyun 2021 4533 2 daqiqa
Dunyo bo‘ylab qurolli to‘qnashuvlar hududlarida yashayotgan bolalar soni 160 millionga yetdi. Afsuski, har yili ko‘plab bolalar qurolli mojarolar sabab qurbon bo‘lmoqda. Bu ma’lumotlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti va “Save The Children” xalqaro nodavlat tashkiloti hisobotlarida keltirilgan.
1982 yilda BMT 4 iyunni “Xalqaro tajovuz qurbonlari bo‘lgan begunoh bolalar kuni” deb e’lon qildi. O‘sha paytda, Isroilning qurolli hujumlariga uchragan falastinlik va livanlik bolalar haqida qaror qabul qilindi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yil ichida mojarolar natijasida nogiron bo‘lgan yoki vafot etgan bolalar soni 93 mingdan ortiq.
2020 yilda butun tarixda bolalarga nisbatan tasdiqlangan rekord darajada jinoyatlar qayd etildi – bu 2019 yilga nisbatan 26 mingtaga ko‘p.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarga nisbatan jiddiy huquqbuzarliklar soni BMT hisob yurita boshlagan 2005 yildan beri 250 mingdan oshgan.
Falastin, Yaman, Kongo Demokratik Respublikasi, Somali va Afg‘oniston jinoyatchilik darajasi eng yuqori mamlakatlar sifatida ajralib turadi.
2010 yildan beri kuniga qariyb 25 bola to‘qnashuvlar natijasida halok bo‘lgan yoki jarohat olgan.
“Save The Children”ning 2020 yilgi hisobotiga ko‘ra, ziddiyatli hududlarda yashovchi bolalar soni 2018 yildan 2 foizga oshib, 160 millionga yetgan.
Xuddi shu hisobotning 2019 yilgi natijalariga ko‘ra, bolalar yashaydigan eng xavfli mamlakatlar Osiyo va Afrikada joylashgan. Ushbu ro‘yxatga Afg‘oniston, Janubiy Sudan, Iroq, Kongo Demokratik Respublikasi, Mali, Nigeriya, Markaziy Afrika Respublikasi, Somali, Sudan, Suriya va Yaman kiradi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 250 mingga yaqin bola mojarolarda qatnashmoqda. Ushbu bolalardan jangchilar, xabarchilar, josuslar, yuk tashuvchilar yoki oshpazlar sifatida foydalaniladi. Qizlar jinsiy zo‘ravonlikka uchraydi. Ular barcha huquqlardan mahrum.
Live
Barchasi