BMT Termiz orqali Afg‘onistonga yordam jo‘natdi
Olam
−
15 dekabr 2021
4108Bugun, 15 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligi O‘zbekistonning Termiz shahridan Afg‘onistonga yuk mashinalarida gumanitar yordam jo‘natdi. Bu haqda agentlik saytida xabar berilgan.
Ta’kidlanishicha, yuklar O‘zbekiston hukumati ko‘magida Termiz yuk markazida tashkil etilgan BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligi gumanitar markazidan jo‘natilgan. O‘zbekiston janubida, O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidan ikki kilometrdan kamroq masofada joylashgan Termiz yuk markazi BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligining afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlaridagi asosiy element hisoblanadi.
Qayd etilishicha, gumanitar yordam taxminan 40 tonna oshxona jihozlari va choyshab kabi asosiy ehtiyojlarni o‘z ichiga oladi. Joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida Termizga havo va quruqlik orqali yetkazilgan ushbu tovarlar mahalliy zaxiralarni to‘ldirish va paydo bo‘layotgan ehtiyojlarni qondirish uchun yuk mashinalari orqali Afg‘onistonga jo‘natilgan.
“Hozir millionlab afg‘onlar oziq-ovqat ta’minotidan mahrum bo‘lib, qattiq qishga qarshi o‘ta himoyasiz ekan, odamlarning hayotini saqlab qolish va insonparvarlik inqirozining oldini olish uchun shoshilinch yordam zarur”, deydi BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligi katta maslahatchisi janob Frank Remus.
Ta’kidlanishicha, BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligi o‘zining mintaqadagi favqulodda vaziyatlarga javob berish va tayyorlanish strategiyasining bir qismi sifatida Termizga gumanitar yuklarni oldindan joylashtirgan.
Qayd etilishicha, Termiz shahridagi BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha komissarlik markazi asosiy ehtiyojlar zaxiralarini saqlashdan tashqari, Afg‘oniston, Eron va Markaziy Osiyodagi BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarlik operatsiyalariga yordam berish uchun gumanitar yuklarni birlashtirish va o‘tkazish punkti sifatida ham foydalaniladi.
Shunga ko‘ra, insonparvarlik yuklarining muntazam partiyalari BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligining Afg‘onistondagi favqulodda vaziyatlarga javob berish operatsiyasi davomida Termiz orqali jo‘natiladi.
LiveBarchasi