BMT Rossiya yadro qurolining Belarusga joylashtirilishiga munosabat bildirdi
Olam
−
28 mart 2023
10365Birlashgan Millatlar Tashkiloti Rossiya Federatsiyasining Belarus hududida taktik yadroviy qurollarni joylashtirish qaroridan xavotir bildirdi, boisi bu harakat yadroviy qurollarning tarqalishiga hissa qo‘shadi. Bu haqda haftalik matbuot anjumanida Jeneva ofisining matbuot xizmati rahbari Rolando Gomes shunday bayonot berdi.
Gomes jurnalistlarning “Rossiya Belarusda taktik yadro qurolini joylashtirish rejasini e’lon qildi, o‘z navbatida, bugun Belarus tomoni bunday qaror Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga zid emasligini ma’lum qildi. Bu holatni qanday baholaysiz?”, degan savoliga quyidagicha javob berdi:
“Biz bundan xabardormiz. Yadro qurollarining tarqalishi jiddiy tashvish uyg‘otadi. Har bir davlat Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish uchun javobgardir. Biz voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib boramiz”.
BMT Bosh kotibi matbuot kotibi Stefan Dyujarrik, o‘z navbatida, barcha davlatlar Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma bandlariga rioya qilishlari kerakligini aytdi.
Dyujarrik shu haftada Ukraina tashabbusi bilan BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishi bo‘lib o‘tishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskva Minsk tomonining iltimosiga ko‘ra, o‘zining taktik yadroviy qurollarini Belarusga joylashtirishini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng, Ukraina Yevropadan Moskvaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni so‘ragandi.
LiveBarchasi