500 taga ham, 1,5 mingtaga ham bir xil oylik adolatdan emas – Zoir Mirzayev mahallalardagi muammoni ko‘tardi

Jamiyat

Kecha, 28 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda mahallalar bilan bog‘liq muammolar ham ko‘tarildi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev o‘z boshqaruvidagi hududda ayrim mahallalarda me’yordagidan uch baravar ko‘p xonadon borligini ta’kidlab o‘tdi hamda shunday mahallalar rais va profilaktika inspektorlarining maoshini oshirishni taklif qildi.

“Biz yaqinda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilganda tahlil qildik. Normativ bo‘yicha o‘rtacha 500 ta xonadonda bitta mahalla tashkil qilinishi kerak. Undan ko‘p bo‘lishi maqsadga muvofiq emas deyilgan. Lekin bizda Qashqadaryo viloyatida 1,5 mingta xonadon bitta mahalla bo‘lgan joy ham bor. Eng yomon 336 ta mahallaning o‘z profilaktika inspektori yo‘q. 2 ta mahallaga 1 ta profilaktika inspektori. 3 mingta xonadonga 1 ta profilaktika inspektori, muammo chiqaradi. Umuman jismoniy jihatdan ulgurmaydi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib taklif bo‘lardiki, zudlik buni ko‘rib chiqib, yangi mahallani ajratib olishimiz kerak. 

Ikkinchi masala shuki, 500 ta xonadonga xizmat ko‘rsatgan profilaktika inspektoriga ham shu oylik, 1,5 mingtasiga ham shu oylik. Yuklamasiga qarab oylikni tabaqalashtirish kerak. Yoki xonadon sonidan kelib chiqib, mahalla raisiga oylik belgilab beraylik. 500 taga ham, 1,5 mingtaga ham bir xil oylik qaysidir ma’noda adolat tamoyiliga to‘g‘ri kelmaydi”, dedi Zoir Mirzayev.

 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 fevral kuni O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Zoir Mirzaev mahalla

Baholaganlar

240

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing