BMT pandemiya keltirib chiqargan oziq-ovqat taqchilligidan ogohlantirdi
Olam
−
15 fevral 2021
3792Koronavirus pandemiyasi oqibatida oziq-ovqat mahsulotlarining narxi o‘tgan yilga nisbatan ko‘tarildi. Shu sababli, qashshoq mamlakatlarning 2021 yilda oziq-ovqat inqiroziga duch kelish xavfi yanada ortdi. Bu haqda BMTning maxsus vakili Agnes Kalibata ma’lum qilgan.
“COVID-19 tufayli oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashdi, ba’zi joylarda aholining katta qismi ularni sotib olishga qurbi yetmay qoldi. Bu yilgi oziq-ovqat masalasi o‘tgan yilga nisbatan yanada keskinlashadi”, deydi maxsus vakil.
Kalibataning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilda asosiy zarba bozorlarga tushgan.
“Karantin rejimining joriy etilishi tufayli oziq-ovqat bozorlari yopildi va bu dehqonlar ahvolining yomonlashishiga olib keldi”, deydi BMT maxsus vakili.
Kalibataning ta’kidlashicha, Keniya, Somali va Efiopiya kabi Afrika mamlakatlarining ahvoli oziq-ovqat narxlarining sezilarli darajada ko‘tarilishi, uning tanqisligi hamda jiddiy qurg‘oqchilik mavsumi tufayli murakkablashmoqda.