BMT maxsus vakili Gaaga tribunalini “Tolibon”ning jinoyatlarini tekshirishga chaqirdi
Olam
−
12 avgust 2023 3594 2 daqiqa
Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri va BMTning ta’lim bo‘yicha amaldagi maxsus vakili Gordon Braun Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudni “Tolibon”ning insoniyatga qarshi jinoyatlarini tekshirishga chaqirdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
“Tolibon” ayollar va qizlarga nisbatan keng ko‘lamli diskriminatsiyani amalga oshirib, ularga universitetlar, maktablar, jamoat joylariga borishni va hatto hamrohsiz shunchaki ko‘chada yurishni taqiqlaydi”, deydi BMT maxsus vakili.
Gordon Braun Britaniya hukumati va ittifoqchilarini ayollarga nisbatan tizimli diskriminatsiya va repressiyalar, shuningdek, ularning huquqlarini himoya qiluvchilarni ta’qib qilgani uchun “Tolibon” rejimiga qarshi sanksiyalar joriy etish orqali chora ko‘rishga chaqirgan.
"Bu insoniyatga qarshi haqiqiy jinoyat va bu jinoyatlarga aloqador shaxslarga qarshi tergov va chora ko‘rishni talab qiladi", degan Braun.
Qayd etish joizki, 2021 yil avgust oyida hokimiyat tepasiga kelganidan beri “Tolibon” qizlar uchun o‘rta maktablarda va universitetlarda darslarni to‘xtatgan, universitetlarda ayollarning, shu jumladan professor-o‘qituvchilarning bo‘lishini taqiqlagan, barcha milliy va xalqaro nodavlat tashkilotlarda ayollarni ishdan bo‘shatishni buyurgan. Ushbu qarorlar xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tomonidan tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, hozirda Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud tomonidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va bola huquqlari bo‘yicha komissar Mariya Lvova-Belovani Ukraina urushidagi bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish ayblovi bo‘yicha hibsga olish uchun order berilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Afg‘onistondagi universitet professorlari, ayol huquqlari faollari va din arboblari mamlakatda qizlarning maktab va universitetlarda ta’lim olishini tiklash uchun “Afg‘on qizlari ta’limi” kampaniyasini boshlagandi. Afg‘onistonning sobiq prezidenti Homid Karzay esa Yevropa Ittifoqining Afg‘onistondagi vakili bilan uchrashib, mamlakatda ta’limni rivojlantirishni iltimos qilgandi. O‘tgan oyda esa “Tolibon” Qobul va Afg‘onistonning boshqa viloyatlarida go‘zallik salonlarining faoliyatini taqiqlagan.
Live
Barchasi