BMT xavotirda: har uchinchi mahbus sud qarorisiz qamoqqa tashlanmoqda

Olam

image

Dunyo bo‘ylab har uchinchi mahbus sudsiz va tergovsiz panjara ortida saqlanmoqda. 2019 yil oxirida jahon mamlakatlari qamoqxonalarida saqlanayotganlar soni 11,7 million nafarga yetgan. Bu Belgiya aholisidan ham ko‘p degani. Bu haqda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining qamoqqa olish bo‘yicha birinchi global tadqiqotida aytilgan. 

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, bugungi pandemiya davrida millionlab odamlar haddan tashqari ko‘p qamoqxonalarda saqlanmoqda, ularning aksariyati u yerda noqonuniy ravishda yotibdi va COVID-19 bilan kasallanish xavfi ostida qolmoqda. 

Tahlilchilar hisobotida aytilishicha, so‘nggi yigirma yil ichida dunyo aholi 21 foizga o‘sgan. Bu davrda, ya’ni 2000 yildan 2019 yilgacha qamoqxonalardagi mahbuslar esa 25 foizga ko‘paygan. 2019 yil oxiriga kelib qamoqxonalardagi mahbuslar soni 11,7 millionni tashkil etgan. Bu Boliviya, Burundi, Belgiya yoki Tunis kabi mamlakatlar aholisi bilan taqqoslanadi. 

Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, dunyo bo‘yicha har 100 ming aholiga 152 mahbus to‘g‘ri kelmoqda. Shimoliy Amerika, Saxaradan janubdagi Afrika mamlakatlari va Sharqiy Yevropada qamoqxonalar soni 27 foizga kamaygan. Ammo boshqa mintaqalar va mamlakatlarda, xususan Lotin Amerikasi, Avstraliya va Yangi Zelandiyada bu raqam so‘nggi ikki yil ichida sezilarli darajada o‘sgan. 

Dunyodagi barcha mahkumlarning taxminan 93 foizini erkaklar tashkil qiladi. Biroq so‘nggi 20 yilda ayollarning qamoqqa tushishi holatlari ham ko‘paydi. Ularning (ayol mahkumlar) umumiy soni 33 foizga oshgan, erkaklar orasida o‘sish 25 foizga teng bo‘lgan.

Qayd etilishicha, COVID-19 pandemiyasi davrida odamlarning ko‘pligi har qachongidan ham keskin vaziyatni keltirib chiqardi. 2021 yil may oyiga qadar 122 mamlakatda 550 mingga yaqin mahbus koronavirusga chalingan. 

Pandemiya ortidan ba’zi qamoqxonalarda dam olish, ishlash va tashrif buyurish imkoniyatlari cheklangan. Qamoqxonalarda ko‘pincha profilaktika choralarini amalga oshirish qiyin, mahbuslar esa haddan tashqari ko‘p bo‘lgani bois  ayrim mamlakatlar hech bo‘lmaganda vaqtincha, ko‘plab mahbuslarni ozod qilish yo‘lini tanlagan. Bu asosan zo‘ravonliksiz jinoyatlar uchun sudlangan shaxslarga tegishli. 
 
2020 yil mart oyidan beri dunyodagi qamoqxonalardan kamida 700 000 kishi ozod qilingan. Bu dunyo bo‘ylab qamoqda saqlanayotgan mahbuslarning 6 foizi degani.


Maqola muallifi

Teglar

BMT

Baholaganlar

38

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing