BMT eng halokatli quruqlik yo‘lini ma’lum qildi
Olam
−
12 Sentabr 2023
9839Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan agentligi hisoblanuvchi Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (XMT) AQSH-Meksika chegarasi tarixdagi eng halokatli yo‘l bo‘lganini e’lon qildi. Bu haqda tashkilot rasmiy bayonotida so‘z bordi.
“XMT 2022 yilda AQSH-Meksika chegarasida 686 ta o‘lim va daraksiz yo‘qolish holatlarini qayd etdi. Bu esa butun dunyo bo‘ylab rekord darajadagi eng halokatli quruqlik yo‘nalishiga aylandi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, 2022 yilda Qo‘shma Shtatlarda jami 1457 nafar muhojirning o‘limi va bedarak yo‘qolishi qayd etilgan. Bu ham 2014 yilda XMT kuzata boshlagandan beri eng rekord darajadir. Achinarlisi, haqiqiy ko‘rsatkichlar bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
“Ushbu xavotirli raqamlar hukumatning qat’iy choralar ko‘rish zarurligidan dalolat beradi”, deydi XMTning Markaziy, Shimoliy Amerika va Karib dengizi bo‘yicha mintaqaviy direktori Mishel Klayn Solomon.
Ma’lumot uchun, joriy yilning avgust oyida noqonuniy muhojirlar va ularning oilalari AQSH janubiy chegarasini rekord darajada kesib o‘tgan. Chegarachilar avgust oyida AQSHga oilasi bilan kelgan kamida 91 ming muhojirni hibsga olgan. Texas gubernatori Greg Ebbott AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyatini AQSH-Meksika chegarasida noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq vaziyatni yomonlashtirganlikda ayblagan. Oq uy tomonidan ishlab chiqilgan yangi qoidaga ko‘ra, janubiy chegara orqali AQSHga kirgan muhojirlar qochqinlik maqomini olishga da’vo qilganini isbotlay olmasa, himoyadan foydalana olmaydi. Boshpana olish huquqini isbotlay olmaganlar zudlik bilan Qo‘shma Shtatlardan Meksikaga yoki o‘z vataniga deportatsiya qilinishi va AQSHga kirishiga besh yillik taqiq qo‘yilishi mumkin.
LiveBarchasi