BMT ekspertlari Isroilni futbol musobaqalaridan chetlatishga chaqirdi
Olam
−
24 Sentabr 2025 2550 2 daqiqa
Sakkiz nafar BMT eksperti UEFA va FIFA’ga murojaat qilib, Isroil klublari va terma jamoalarini xalqaro musobaqalardan chetlashtirishni so‘radi. Bu haqda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasiga tayanib, “The New Arab” xabar berdi.
“Sport tashkilotlari inson huquqlarining qo‘pol buzilishlariga ko‘z yumib o‘tirmasligi kerak, ayniqsa, ularning maydonlari adolatsizlikni odatiylashtirish uchun ishlatilayotganida. Inson huquqlarini muntazam ravishda buzayotgan davlatlarni ifodalovchi milliy terma jamoalar chetlatilishi mumkin va kerak. Buning o‘tmishda misollari ham bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Ekspertlarning fikricha, FIFA va UEFA kabi xalqaro tashkilotlar BMTning biznes va inson huquqlari bo‘yicha prinsiplari asosida xalqaro huquqqa rioya etishga majbur.
“Biz aniq aytamiz: boykot davlat sifatida Isroilga qaratilishi kerak, alohida futbolchilarga emas. Odamlar hukumat qarorlari uchun javobgar bo‘la olmaydi, shuning uchun ularning kelib chiqishi yoki millati asosida futbolchilarga nisbatan diskriminatsiya yoki sanksiyalar bo‘lmasligi kerak”, deydi BMT ekspertlari.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 23 sentyabr kuni Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) xalqaro yig‘ilishda Isroil terma jamoasi va Isroil klublarining xalqaro turnirlarda ishtirokini taqiqlash masalasini ko‘rib chiqishi kerak. Hozircha 20 ta davlat Isroilning ishtirokiga qarshi chiqqani, yana 2-3 davlat qarshi bo‘lishi mumkinligi ma’lum. UEFA’ning esa jami 55 a’zosi mavjud.
Shuningdek, oldinroq Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches ham G‘azoda davom etayotgan mojaro sababli Isroilni xalqaro sport musobaqalaridan chetlatishga chaqirgan edi. Shuningdek, Ispaniya Kongressi a’zosi Patxi Lopes agar Isroil terma jamoasi saralashdan o‘tsa, Ispaniya 2026 yilgi Jahon chempionatida qatnashmasligi mumkinligini haqida ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi