BMT bosh kotibi dunyo rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan 6 muammoni sanab berdi 

Olam

image

Insoniyat barqaror rivojlanishga erishish uchun oltita “katta to‘siq”ni yengib o‘tishi kerak. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish kecha, 21 sentyabr kuni jahon tashkiloti Bosh assambleyasining yuqori darajali haftaligini ochib bera turib e’lon qildi.

Guterrishning fikricha, birinchi muammo – tinchlikning yo‘qligi. Bosh kotib Falastin-Isroil kelishuviga erishish, Afg‘oniston, Yaman, Liviya, Myanma, Suriya va dunyoning boshqa qismlaridagi mojarolarni to‘xtatishga chaqirgan.

“Harbiy to‘ntarishlar qaytmoqda. Xalqaro hamjamiyat o‘rtasida birdamlikning yo‘qligi [muammolarni hal qilishimizga] yordam bermayapti”, deya qo‘shimcha qildi tashkilot rahbari. Uning ta’kidlashicha, dunyoning ikkita yirik iqtisodiyoti raqobatlashayotganda, jiddiy iqtisodiy qiyinchiliklarni yengib o‘tib bo‘lmaydi.

Bosh kotib iqlim o‘zgarishi muammosini ikkinchi eng yirik muammo, deb atadi. Guterrish joriy yilning noyabr oyida Shotlandiyaning Glazgo shahrida bo‘lib o‘tadigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi konvensiyasining 26-Konferensiyasi ishtirokchilari uchun muvaffaqiyatli shart-sharoitlar yaratishga chaqirgan. Uning fikricha, global isish muammosi masalasi bo‘yicha mamlakatlar o‘z oldiga yanada ulug‘vor vazifalarni qo‘yishi kerak: global harorat ko‘tarilishi oqibatlariga qarshi kurashish, moliyalashtirish va moslashuvchan dasturlarni yaratish.

Dunyo miqyosidagi uchinchi muammo sifatida Guterrish davlatlar o‘rtasidagi tengsizlikni ko‘rsatgan va koronavirusga qarshi vaksinalarning tarqatilishini misol qilib keltirgan. 

“Boy mamlakatlar pandemiyadan oldingi o‘sish sur’atlariga shu yilning oxirigacha erishishi mumkin, kam daromadli mamlakatlar esa yillar davomida pandemiyaning ta’siri ostida qolishi mumkin”, deydi BMT Bosh kotibi.

Guterrish navbatdagi to‘siq sifatida gender masalalariga urg‘u bergan. Bosh kotib hammaning ham Butunjahon Internet tarmog‘iga teng kira olmasligini beshinchi muammo, deb atagan. 

“Dunyo aholisining yarmi Internetga kira olmaydi. Biz 2030 yilgacha barchani [Internetga] ulashimiz kerak”, deydi u. 

Avlodlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ushbu muammolar ro‘yxatidan eng so‘nggisi bo‘lib joy olgan. 

“Bizning umumiy kun tartibimiz dasturiga dunyoning 1,8 milliard yosh aholsining imkoniyatlarini kuchaytirish uchun ta’limni o‘zgartirish bo‘yicha konferensiya o‘tkazish kiritilgan”, deydi bosh kotib.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda AQSH Prezidenti Jo Bayden ham nutq so‘zlagan. Ushbu sessiyasi joriy yilning 27 sentyabriga qadar davom etadi. 


Maqola muallifi

Teglar

BMT

Baholaganlar

121

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing