BMT Bosh Assambleyasiga yangi rais saylandi

Olam

image

Bangladesh Tashqi ishlar vaziri Xalilur Rahmon Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining yangi raisi etib saylandi. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida xabar berildi.

U ushbu lavozimda Germaniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok o‘rnini egallaydi.

Kecha, 2 iyun kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonida 72 yoshli Rahmon nomzodini 99 davlat vakili qo‘llab-quvvatlagan. Uning raqibi, kiprlik diplomat Andreas Kakuris esa 91 ovoz to‘pladi.

Joriy yilning fevral oyida Bangladesh tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlangan Xalilur Rahmon BMT Bosh Assambleyasiga sentyabr oyidan rahbarlik qiladi. Uning vakolat muddati bir yilni tashkil etadi.

45 yoshli Annalena Berbok esa 2025 yil sentyabridan buyon BMT Bosh Assambleyasiga raislik qilib kelmoqda. U 2021–2025 yillarda Germaniya kansleri Olaf Shols hukumatining tashqi ishlar vaziri bo‘lib faoliyat yuritgan.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Xalilur Rahmonni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklab, u o‘z faoliyatini murakkab global muammolar davrida boshlashini ta’kidlagan.

Guterrishning qayd etishicha, dunyo hozirda qurolli mojarolar, davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarning kuchayishi, tengsizlikning ortishi hamda iqlim inqirozi kabi jiddiy sinovlarga duch kelmoqda.

BMTning eng yirik organi hisoblangan Bosh Assambleyadagi raislik lavozimi asosan tantanaviy ahamiyatga ega. Raisning asosiy vazifalari sessiyalarni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, Bosh Assambleya nomidan vakillik qilishdan iborat.

Shu bilan birga, Bosh Assambleya raisi qarorlar qabul qilish jarayonlariga cheklangan darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilinadigan siyosiy qarorlar esa ko‘pincha ramziy ahamiyat kasb etib, xalqaro hamjamiyat kayfiyatining ifodasi sifatida baholanadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov komissiyasining 35-sessiyasida ishtirok etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Antoniu Guterrish Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalilur Rahmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing