Prezident BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi raisini qabul qildi
Jamiyat
−
21:20 406 2 daqiqa
Bugun, 20 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi raisi, Bangladesh Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Xalilur Rahmonni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yuqori martabali mehmon 21-22 oktyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” mavzusidagi Jahon sammitida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan.

Suhbat avvalida davlat rahbari Xalilur Rahmonni BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi Raisi etib saylangani bilan samimiy tabriklab, mazkur maqomda tashrif buyurgan birinchi mamlakat O‘zbekiston ekanini alohida qayd etgan.
O‘z navbatida, Xalilur Rahmon O‘zbekiston Prezidentiga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomini yetkazgan.
Muloqot chog‘ida BMT va uning tuzilmalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashilgan.
So‘nggi yillarda mamlakat tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 15 ta rezolyutsiyani qabul qilgan, ularning ikkitasi joriy yilda ma’qullangan.
O‘zbekiston tashkilotning asosiy organlari va tuzilmalari ishida faol ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, mamlakatimiz 2035-2036 yillar uchun BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surgan.
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish hamda tinchlik madaniyati va dinlararo muloqotni mustahkamlash masalalarida konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlangan.
Ikki tomonlama munosabatlar haqida so‘z yuritilar ekan, Janubiy Osiyoning jadal rivojlanayotgan davlatlaridan biri Bangladesh bilan ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirishga tayyorlik bildirilgan.
Live
Barchasi