BMT bolalar uchun SI bilan bog‘liq tahdidlar kuchayishidan ogohlantirdi

Texnologiya

image

Internetda sun’iy intellekt yordamida yaratilayotgan zararli kontent hajmi tobora ortib bormoqda. Shu munosabat bilan BMT tuzilmalari bolalarni zo‘ravonlik, ekspluatatsiya va ruhiy jarohatlardan himoya qilish uchun zudlik bilan kompleks choralar ko‘rishga chaqirdi.

Xalqaro elektraloqa ittifoqining (XEI) Elektraloqa rivoji byurosi direktori Kosmas Zavazava bolalar duch kelayotgan tahdidlarning keng doirasi mavjudligini ma’lum qildi.

Gap gruming (ishonchga kirib aldash), dipfeyklar, raqamli servislar ichiga zararli funksiyalarni joylashtirish, kiberbulling va nomaqbul kontentga erkin kirish kabi xavflar haqida bormoqda.

“COVID-19 pandemiyasi davrida biz ko‘rdikki, ko‘plab bolalar, ayniqsa qizlar va yosh ayollar internet orqali zo‘ravonlikka duch kelgan va ko‘plab holatlarda bu jismoniy zarar bilan yakunlangan”, deydi u.

Bolalarni himoya qilish sohasida ishlovchi tashkilotlar ma’lumotiga ko‘ra, jinoyatchilar sun’iy intellektdan bolaning internetdagi xatti-harakatlari, emotsional holati va qiziqishlarini tahlil qilish uchun foydalanishi, shundan so‘ng uni jalb etish va manipulyatsiya qilish strategiyasini aniqroq ishlab chiqishi mumkin.

Shuningdek, sun’iy intellekt jinoyatchilarga real bolalarning soxta tasvirlarini yaratish imkonini bermoqda, bu esa jinsiy shantajning yangi shakli paydo bo‘lishiga olib kelgan.

Childlight bolalar global xavfsizligi mustaqil instituti tomonidan 2025 yilda e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, AQSHda texnologiyalar yordamida sodir etilgan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlari soni 2023 yilda 4,7 mingdan, 2024 yilda esa 67 mingdan oshgan.

2025 yil oxirida Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqladi. Hukumat bu qarorni bunday kontentdan keladigan xavflar ehtimoliy foydadan ancha ustun ekanligi bilan izohladi.

Rasmiylar o‘z tadqiqotlariga tayanib, 10–15 yoshdagi bolalarning qariyb uchdan ikki qismi shafqatsiz, zo‘ravon yoki ruhiy jarohat yetkazuvchi kontentga duch kelganini, yarmidan ko‘pi esa kiberbulling qurboni bo‘lganini ma’lum qildi. Bunday kontentning asosiy qismi ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan.

Malayziya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada kabi boshqa davlatlar ham shunga o‘xshash cheklovlar yoki qonunchilik choralarini tayyorlamoqda. Xususan, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Fransiya Milliy assambleyasi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgan. Endi hujjat Senatga yuboriladi.

Qayd etilishicha, 2026 yil boshida bolalar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi BMT tuzilmalari “Sun’iy intellekt va bola huquqlari” bo‘yicha qo‘shma bayonotni imzolagan. Unda jiddiy xavflar mavjudligi va jamiyat hozircha ularga tayyor emasligi ochiq aytiladi.

BMT agentliklarining fikricha, davlatlarga samarali tartibga solish uchun ko‘proq amaliy yo‘riqnomalar zarur, shu sababli batafsil tavsiyalar ro‘yxati ishlab chiqilgan.

“Bolalar tobora erta yoshda onlayn muhitga kirib kelmoqda va ularni himoya qilish zarur. Aynan shuning uchun biz internetda bolalarni himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdik. Birinchi qismi ota-onalar uchun, ikkinchisi o‘qituvchilar uchun, uchinchisi tartibga soluvchi organlar uchun, to‘rtinchisi esa sanoat va xususiy sektor uchun mo‘ljallangan, deydi Zavazava. 

Asosiy tavsiyalar quyidagilardan iborat: 

  • davlatlar bola huquqlarini himoya qilish maqsadida sun’iy intellektni tartibga solish tizimlarini kuchaytirishi kerak; 
  • xalqaro tashkilotlarga sun’iy intellekt bilan bog‘liq barcha choralar va strategiyalarda bolalar huquqlarini hisobga olish tavsiya etiladi; 
  • hukumatlar va kompaniyalar sun’iy intellekt tizimlarining shaffofligi, hisobdorligi va xavfsizligini ta’minlashi lozim; 
  • davlatlar sun’iy intellekt yordamida sodir etiladigan yoki kuchaytiriladigan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va ekspluatatsiyani oldini olishi va to‘xtatishi zarur; 
  • bolalarga yo‘naltirilgan yanada ishonchli ma’lumotlarni himoya qilish mexanizmlariga ehtiyoj mavjud; 
  • sun’iy intellekt asosida qabul qilinadigan qarorlar har bir bolaning eng yaxshi manfaatlari va har tomonlama rivojlanishini hisobga olishi kerak;
  • sun’iy intellekt inklyuziv va xolis bo‘lishi, barcha bolalar texnologiyalardan teng foyda ko‘ra olishi lozim; 
  • siyosat va sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiqishda bolalarning o‘z fikri va tajribasi inobatga olinishi kerak; 
  • sun’iy intellekt rivoji ekologik barqarorlikka xizmat qilishi va kelajak avlodlar uchun uzoq muddatli zararlarni minimallashtirishi lozim.

Maqola muallifi

Teglar

sun'iy intellekt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing