O‘zbekiston SIdan foydalanish darajasi past davlatlar qatoriga kirdi
Texnologiya
−
29 may 1554 1 daqiqa
Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonda 15 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan aholining 7,2 foizi generativ sun’iy intellektdan (SI) foydalangan. Bu haqda Microsoft kompaniyasining Global AI Diffusion Report hisobotida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonning ko‘rsatkichi dunyodagi o‘rtacha darajadan pastroq. Jahon miqyosida generativ sun’iy intellekt foydalanuvchilarining ulushi 2026 yilning birinchi choragida 16,3 foizdan 17,8 foizgacha ko‘tarilgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ko‘rsatkichlar quyidagicha:
- Qozog‘iston – 15,9%;
- Qirg‘iziston – 9,5%;
- O‘zbekiston – 7,2%;
- Tojikiston – 6,1%;
- Turkmaniston – 6,1%.
Jahon reytingining yetakchisi sifatida BAA qayd etilgan – bu mamlakatda aholining 70,1 foizi generativ sun’iy intellektdan foydalanadi. Ikkinchi o‘rinni 63,4 foizlik ko‘rsatkich bilan Singapur egallagan. Kuchli beshlikka, shuningdek, Norvegiya, Irlandiya va Fransiya ham kirgan.
Microsoft ekspertlarining ta’kidlashicha, dunyoda sun’iy intellektning joriy etilishi bir tekisda kechmayapti. Buning asosiy sabablari sifatida internetdan foydalanish imkoniyati, elektr ta’minotining barqarorligi, raqamli infratuzilma sifati va raqamli ko‘nikmalar darajasidagi farqlar ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Microsoft Institute for the Economy of AI” tomonidan e’lon qilingan 2025 yilgi hisobotda ham O‘zbekiston past natija ko‘rsatib, sun’iy intellektdan foydalanish darajasi bo‘yicha dunyoning 147 mamlakati orasida 141-o‘rinni egallagani qayd etilgan edi.
Live
Barchasi